MB: Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushirilishi mumkin

Humo va Uzcard to‘lov tizimlari ham global texnologik platformalar bilan integratsiya qilinishi rejalashtirilmoqda

MB: Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushirilishi mumkin

Apple Pay va Google Pay to‘lov servislarini O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Markaziy bank To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgach, Markaziy bank tijorat banklari hamda “Humo” va “Uzcard” milliy to‘lov tizimlari bilan birgalikda Apple va Google kompaniyalari bilan muzokaralarni boshlagan. Shuningdek, servislarni texnik integratsiya qilish ishlari ham olib borilmoqda.

Hozir tijorat banklari integratsiya ishlarini faol olib bormoqda. Kartalarni tokenizatsiya qilish bilan bog‘liq ayrim masalalar mavjud, — dedi Usmonov.

Uning ta’kidlashicha, loyiha faqat Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari kartalarini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanmaydi. Markaziy bank Apple Pay va Google Pay xizmatlariga “Humo” hamda “Uzcard” milliy to‘lov tizimlari kartalarini ham ulash imkoniyatini yaratish ustida ishlamoqda.

Jamshid Usmonovning aytishicha, loyiha bo‘yicha yaqin ikki oy ichida “ijobiy yangiliklar” kutilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Apple Pay va Google Pay xizmatlarini birinchi bo‘lib bir yoki bir nechta tijorat banki ishga tushirishi mumkin. Shuningdek, milliy to‘lov tizimi operatorlaridan biri ham xizmatni yo‘lga qo‘yishi ehtimoli istisno qilinmayapti.

Markaziy bank vakili regulyator Apple va Google kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazganini ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlar joriy yilning aprel va may oylarida bo‘lib o‘tgan.

Apple Pay va Google Pay xizmatlarini O‘zbekistonda ishga tushirish rejalari ilk bor 2024-yilda e’lon qilingan. Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qo‘mitasiga PayPal, Alipay va UniPay kabi xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari bilan muzokaralar olib borish, shuningdek, ularni mamlakatning milliy to‘lov tizimlari va bank xizmatlari bilan integratsiya qilish vazifasi yuklatilgan.

2025-yil 7-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga tashrifi doirasida AQShning yirik biznes vakillari bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda Apple Pay va Google Pay xizmatlarini joriy etish, Google, Meta va NVIDIA bilan hamkorlikda raqamli akademiya hamda startap-hablar tarmog‘ini tashkil etish rejalari ma’lum qilingan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirishni AQShning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va Eksimbank orqali ta’minlash rejalashtirilgan.

Kapital.uz 28-iyul kuni Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Raqobat” qo‘mitasi “Uztex Group”ning “Zarofattex”ni sotib olishini ma’qulladi
/
“Raqobat” qo‘mitasi “Uztex Group”ning “Zarofattex”ni sotib olishini ma’qulladi
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
“Pasaytirish taklifi ko‘rib chiqilmadi” — Markaziy bank asosiy stavkaning saqlab qolingani haqida
/
“Pasaytirish taklifi ko‘rib chiqilmadi” — Markaziy bank asosiy stavkaning saqlab qolingani haqida