Apple Pay va Google Pay’ni O‘zbekistonda ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilmoqda
Markaziy bank to‘lov tashkilotlari xalqaro kontaktsiz to‘lov tizimlarini milliy infratuzilmaga integratsiya qilish ustida ishlayotganini ma’lum qildi
O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay mobil to‘lov tizimlarini ishga tushirish bo‘yicha texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati Kapital.uzga ma’lum qildi.
Regulyatorning bildirishicha, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingach, loyihaning texnik bosqichi boshlangan. Hozirda to‘lov tashkilotlari va boshqa ishtirokchilar xalqaro kontaktsiz to‘lov xizmatlarini milliy to‘lov infratuzilmasiga integratsiya qilish masalalarini muhokama qilmoqda.
Markaziy bankka ko‘ra, xizmatlarni ishga tushirish muddati texnik infratuzilmani sozlash ishlari yakunlanishiga bog‘liq. Yakuniy muddatlar keyinchalik e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilib, foydalanuvchilarning barcha ma’lumotlarini faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilingandi.
Yangi tartibga ko‘ra, faqat telekommunikatsiya operatorlari abonentlari ma’lumotlari, shuningdek, biometrik va genetik ma’lumotlar mamlakat hududida saqlanishi shart. Boshqa turdagi ma’lumotlarni esa belgilangan talablar asosida xorijga uzatishga ruxsat berilgan.
Avvalroq Kurbanoff.net muallifi huquqiy to‘siqlarning bartaraf etilishi Apple Pay va Google Pay xizmatlari darhol ishga tushishini anglatmasligini qayd etgan. Uning fikricha, buning uchun ma’lumotlarni xorijga uzatish tartibi, axborot himoyasi yetarli bo‘lgan davlatlar ro‘yxati va boshqa qator quyi me’yoriy hujjatlar ham tasdiqlanishi lozim.
Ekspert, shuningdek, xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi ularning tijoriy manfaatlariga ham bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, mamlakatda NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi terminallar allaqachon keng joriy etilgan.
Apple Pay va Google Pay xizmatlarini O‘zbekistonda ishga tushirish rejalari ilk bor 2024-yilda ma’lum qilingan edi. 2025-yil noyabr oyida esa Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi chog‘ida Google, Meta va NVIDIA vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ushbu xizmatlarni joriy etish masalasi yana kun tartibiga qo‘yilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qo‘mitasiga Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay hamda UniPay kabi xalqaro to‘lov tizimlarini milliy to‘lov xizmatlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasi yuklatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ