Ortiqxo‘jayev nazoratidagi kompaniya Alfraganus mehmonxonalar majmuasini sotib olmoqchi

Bitim doirasida kompaniya sotuvchiga 12 mlrd so‘m to‘laydi va uning bank oldidagi $100 mlnlik qarzini o‘z zimmasiga oladi

Ortiqxo‘jayev nazoratidagi kompaniya Alfraganus mehmonxonalar majmuasini sotib olmoqchi

AQShning Nevada shtatida ro‘yxatdan o‘tgan, Jahongir Ortiqxo‘jayev oilasi nazoratidagi TEG Overseas kompaniyasi Toshkentning Mirobod tumanida joylashgan Alfraganus mehmonxonalar majmuasini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya 6-noyabr kuni AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etgan hisobotida ma’lum qilgan.

Kelishuvga ko‘ra, TEG SPV sotuvchiga qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birga 12 mlrd so‘m (taxminan $1 mln) to‘laydi. Bundan tashqari, kompaniya Dreams Island’ning bank oldidagi $100 mln miqdoridagi qarzini o‘z zimmasiga olishi kerak.

Alfraganus majmuasi xalqaro mehmonxona tarmoqlarining oltita obyektini birlashtiradi. Ular Hyatt Place (201 ta xona), Hilton Garden Inn (200 ta), Fairfield by Marriott (204 ta), ibis (202 ta), Holiday Inn Express (202 ta) va Wyndham Garden (201 ta) mehmonxonalaridir.

Majmuadagi xonalar soni jami qariyb 1,2 mingtani tashkil etadi. Shuningdek, uning tarkibida 7,2 ming kvadrat metr maydonga ega konferensiya markazi ham mavjud.

Hozirda qurilish ishlari yakuniy bosqichda bo‘lib, majmuani 2027-yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Bitimning yakunlanish shartlari

Hozircha tomonlar o‘rtasidagi kelishuv majburiy yuridik kuchga ega emas. Bitimning kuchga kirishi uchun tomonlar boshqa muhim shartlarni yozma ravishda kelishishi, shuningdek, bankning mulkni sotish va kredit majburiyatlarini boshqa tomonga o‘tkazishga roziligi olinishi kerak.

Asosiy oldi-sotdi shartnomasini 2027-yil 30-iyungacha imzolash rejalashtirilgan. TEG SPV ushbu muddatni yana uch oygacha uzaytirish huquqiga ega. Agar belgilangan muddatda shartnoma imzolanmasa, tomonlarning kelishuv bo‘yicha majburiyatlari bekor qilinadi.

Kompaniya SEC’ga taqdim etgan hisobotida bitimning yakunlanishiga kafolat yo‘qligini ham alohida qayd etgan.

TEG Overseas kimga tegishli?

TEG Overseas aksiyalarining 68,3 foizi Tourism and Entertainment Group MChJ’ga tegishli. Ushbu kompaniyaning 99,93 foiz ulushi Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli.

Bundan tashqari, TEG Overseas aksiyalarining 31,14 foizi uning qizi Irodaxon Abduvahidovaga tegishli bo‘lib, u kompaniya direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi. Shu tariqa, Ortiqxo‘jayev oilasi TEG Overseas aksiyalarining kamida 99,4 foizini nazorat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Jizzaxdagi 200 gektar maydonda alohida soliq va bojxona rejimi joriy qilinadi
/
Jizzaxdagi 200 gektar maydonda alohida soliq va bojxona rejimi joriy qilinadi
Toshkent — Parkent temiryo‘l liniyasi qurilishiga 535 mlrd so‘m yo‘naltirildi
/
Toshkent — Parkent temiryo‘l liniyasi qurilishiga 535 mlrd so‘m yo‘naltirildi
O‘zbekistonda qurilish materiallari eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda qurilish materiallari eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda