O‘zbekistonda nasldor chorvani import qiluvchilar 2029-yilgacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi

Bundan tashqari, tijorat banklari 1-iyundan boshlab chorvachilik sohasi uchun yillik 10% stavkada kredit ajratadi

O‘zbekistonda nasldor chorvani import qiluvchilar 2029-yilgacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi

12-may kuni prezident oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish yuzasidan o’tkazilgan yig’ilishda chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Tahlillarga koʻra, keyingi 25 yilda dunyo mamlakatlarining 42% ida qoramollar soni 12% ga qisqargan. Buning asosiy sabablari qimmat ozuqa, qurgʻoqchilik, ekologik omillar, yuqori foiz stavkalari va daromad kamayishi bilan bogʻliq. Natijada jahon bozorida goʻshtning oʻrtacha narxi rekord darajaga yetgan.

Oʻzbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor. Mamlakatimizda 16 mln gektar yaylov mavjud, biroq bu salohiyatning atigi 10% idan foydalanilmoqda.

Shu bois, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. U Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi negizida faoliyat boshlaydi.

Yangi agentlik oldiga qoramollar sonini 16,5 mlnga, qoʻy va echkilar sonini 30 mlnga, parrandalar sonini 141 mlnga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, goʻsht va sutni qayta ishlash darajasini 50% ga, nasldor qoramollar ulushini 90% ga yetkazish, ozuqabop ekin maydonlarini esa 1,5 barobar koʻpaytirish belgilandi.

Ozuqa bazasini kengaytirish va naslchilikni yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatdan 1 tadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi.

Ushbu tumanlarda paxta va gʻalla yerlarining 50% iga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi, buning uchun 10% li imtiyozli kreditlar ajratiladi. Barcha fermer xoʻjaliklariga ijara yerlarining 20 sotix qismida ortiqcha byurokratiyasiz yengil konstruksiyali binolar, ozuqa omborlari va silos oʻralari qurishga ruxsat beriladi.

Yil yakuniga qadar kamida 10 gektar yeri bor 28 ming 746 ta fermer xoʻjaligi yerida 2 mln bosh qoramol boqishni tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Chorvachilikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari ham belgilandi. 1-iyundan boshlab tijorat banklari yillik 10% stavkada, 4 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kreditlar ajratadi. Nasldor chorvani import qiluvchilar 2029-yilgacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.

Banklarga yillik 6% stavkada 1 trln soʻm va $50 mln resurs joylashtiriladi. Ushbu resurslar hisobidan joriy yilda 5,5 trln soʻmlik 1,5 mingta loyihani ishga tushirish, 25 mingta ish oʻrni yaratish va qoramollar sonini 400 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.

Kadrlar tayyorlash va naslli chorvani koʻpaytirish boʻyicha ham yangi dastur boshlanadi. 1-iyundan yetakchi agrar oliygohlarda sunʼiy urugʻlantirish boʻyicha 10 kunlik oʻquv kurslari tashkil etiladi. Har yili kamida 1 ming mutaxassis tayyorlanib, ular zarur uskunalar bilan bepul taʼminlanadi.

Xonadonlarda sunʼiy urugʻlantirilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming soʻmdan hamda embrionlarni koʻchirib oʻtkazilganda 700 ming soʻmdan subsidiya toʻlanadi. Bu maqsadlar uchun qoʻshimcha 50 mlrd soʻm ajratiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

2027-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha yagona axborot platformasi ishga tushiriladi
/
2027-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha yagona axborot platformasi ishga tushiriladi
Aprel oyida 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘llanildi — Markaziy bank
/
Aprel oyida 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘llanildi — Markaziy bank
BAAning AMEA Power kompaniyasi O‘zbekistondagi energetika loyihalariga $1,3 mlrd investitsiya kiritadi
/
BAAning AMEA Power kompaniyasi O‘zbekistondagi energetika loyihalariga $1,3 mlrd investitsiya kiritadi