Chek ro‘yxatdan o‘tkazganlarga avtomobil yutish imkoniyati yaratiladi
Bunday tartib 1-iyuldan faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm hududlari uchun amal qiladi
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha berilgan cheklar asosida 2026-yil 1-iyuldan boshlab yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi. Bu haqda hukumatning 18-maydagi qarorida belgilandi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, xarid cheklarini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
“Soliq” ilovasida har bir shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklarining yutuqli o‘yinga kiritilgani haqida ma’lumot berib boriladi. Yutuqli o‘yin har oyda “Soliq” ilovasidagi “Yutuqli o‘yinlar” platformasi orqali o‘tkaziladi.
Tanlov 1 oy davomida ishtirokchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklari jamlanmasi doirasida o‘tkazilib, g‘oliblar inson omilisiz xarid chekini tasodifiy tanlab olish asosida aniqlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi.
Yutuqli o‘yinning qonunchilikka muvofiq o‘tkazilganini nazorat qilish uchun 5 kishidan kam bo‘lmagan komissiya tashkil etiladi.
G‘oliblarni mukofotlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligining alohida yagona g‘azna hisobvarag‘ida yutuqlar fondi shakllantiriladi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi komissiya bilan kelishgan holda o‘yin g‘oliblariga qo‘shimcha sovrinlar berishi ham mumkin.
G‘olib sifatida aniqlangan shaxslarga har oy yakuni bilan xarid summasining 1% ini qaytarib berishning amaldagi tartibi saqlanib qolinadi.
Hujjatda qayd etilishicha, yutuqli o‘yinlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mazkur sohalarda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda aholi faolligini oshirish maqsadida amalga oshiriladi
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ