O‘zbekistondagi sotuvchilar uchun yagona QR-kod bo‘yicha komissiya 0,65% ni tashkil etadi
Markaziy bank tarif banklar, to‘lov tizimlari va platforma operatori o‘rtasida qanday taqsimlanishi yuzasidan izoh berdi
Markaziy bank O‘zbekistonda yagona milliy QR-kod tizimi — UzQR’ni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish, tadbirkorlarning xarajatlarini kamaytirish va yagona milliy to‘lov infratuzilmasini shakllantirishdan iborat ekanini ma’lum qildi.
UzQR tizimining asosiy afzalligi shundaki, iste’molchilar istalgan bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali bitta QR-kodni skaner qilib to‘lovni amalga oshira oladi. Bu savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlarini bir nechta turli QR-kodlar va to‘lov yechimlarini saqlash zaruratidan xalos etadi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, tizim orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar uchun umumiy komissiya miqdori 0,65% etib belgilangan. Ushbu komissiya to‘lov zanjiridagi barcha ishtirokchilar o‘rtasida ularning vazifalari va xarajatlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Komissiyaning:
- 0,10%i — ekvayer bankka;
- 0,15%i — Uzcard yoki Humo kartalari tizimlariga;
- 0,20%i — QR-kod operatoriga;
- 0,15%i — to‘lov tashabbuskori bo‘lgan mobil ilovaga;
- 0,05%i — to‘lovchi bankka to‘g‘ri keladi.
Regulyator ayrim ishtirokchilar bir vaqtning o‘zida bir nechta rolni bajarishi va mos ravishda bir necha ulushni olishi mumkinligini ta’kidladi. Masalan, to‘lov bankning o‘z ilovasida amalga oshirilsa va karta ham shu bank tomonidan chiqarilgan bo‘lsa, bankning umumiy ulushi 0,20%ga, merchant ham uning mijozi bo‘lsa, 0,30%gacha yetishi mumkin.
Markaziy bankning qayd etishicha, Uzcard va Humo boshqa, milliy bo‘lmagan QR-kodlar uchun 0,3−0,37% tarif qo‘llaydi. Biroq UzQR tizimining umummilliy ahamiyatini inobatga olib, ushbu ulush 0,10%gacha pasaytirilgan.
Shuningdek, MB bugungi kunda QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha bozor tariflari 1−3%ni tashkil etishini bildirib, UzQR’ning 0,65% lik komissiyasi ancha past ekanini ta’kidladi.
Regulyator rasmiy tarifda iste’molchidan hech qanday komissiya undirilishi nazarda tutilmaganini alohida qayd etdi. To‘lovlar bo‘yicha barcha xarajat faqat merchant tomonidan qoplanadi. Ayni paytda ayrim ishtirokchilar tomonidan iste’molchidan qo‘shimcha yig‘im undirilayotgan holatlar kuzatilmoqda, biroq Markaziy bank bu yig‘imlar tizim tarifining bir qismi emasligini va ularni tartibga solish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa Markaziy bankning izohini ijobiy baholagan holda, bir qator savollar ochiq qolayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, avvalo, UzQR orqali to‘lovlarni amalga oshirishning haqiqiy tannarxi qancha ekani jamoatchilikka tushuntirilishi kerak.
Bakirov regulyator va mavjud infratuzilma imkoniyatlarini hisobga olganda, tariflarni ikki baravar arzonroq — masalan, 0,25%gacha tushirish mumkin bo‘lganini qayd etdi.
Iqtisodchi, shuningdek, 0,65%lik komissiya va ayrim hollarda qo‘shimcha 1% yig‘im bilan UzQR tizimi naqd pul aylanmasini qisqartira olmasligini bildirdi.
Sotuvchi ham, iste’molchi ham baribir naqd pulni yoki 0,20% lik arzonroq terminal orqali hisob-kitobni tanlaydi, — deya ta’kidladi u.
Bakirov yana bir xavfga e’tibor qaratib, UzQR joriy etilgach, ikki yirik to‘lov tizimi ekvayring tariflarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi va kelajakda bundan foydalanishi mumkinligini qayd etdi. Uning fikricha, bu holat biznes va iste’molchilar uchun qo‘shimcha tavakkalchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ