O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan turistlar soni 62% ga oshdi

Yanvar–iyun oylarida Malayziyaga O‘zbekistondan 16,3 ming nafar turist tashrif buyurgan

O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan turistlar soni 62% ga oshdi

O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan turistlar soni 2026-yilning birinchi yarmida 62% ga oshdi. Yanvar–iyun oylarida mamlakatga O‘zbekistondan 16 283 nafar sayyoh tashrif buyurgan. Bu haqda Tourism Malaysia ma’lum qildi.

2025-yilning shu davrida Malayziyaga O‘zbekistondan 10 054 nafar turist borgan. Shu tariqa bir yil ichida sayyohlar oqimi 6 229 nafarga ko‘paygan.

Markaziy Osiyodan Malayziyaga kelayotgan turistlar oqimi ham oshgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistondan jami 53 347 nafar turist tashrif buyurgan. Bu 2025-yilning mos davridagi 43 280 nafar sayyohga nisbatan 23,3% ga ko‘p.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida turistlar oqimi o‘sishi bo‘yicha yetakchi yo‘nalishlardan biri bo‘lgan. Shu davrda Tojikistondan kelgan sayyohlar soni 60,2% ga oshib, 1 330 nafardan 2 131 nafarga yetgan.

Malayziyaga mintaqadagi eng ko‘p turist yuborayotgan Qozog‘istondan tashrif buyuruvchilar soni 11,8% ga oshib, 26 296 nafarni tashkil etgan. Qirg‘izistondan kelgan turistlar soni 13,7% ga ko‘payib, 4 168 nafarga yetgan. Turkmanistondan esa 2026-yilning dastlabki olti oyida 4 469 nafar sayyoh kelgan.

Tourism Malaysia Almaty direktori Nor Shazli Azmining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo Malayziya uchun tobora muhim va jadal rivojlanayotgan turizm bozoriga aylanmoqda. Uning qayd etishicha, mintaqada mamlakatning sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi tan olinishi ham ortib bormoqda.

Malayziyaga qiziqishning oshishida mamlakatdagi musulmon sayyohlar uchun qulay sharoitlar ham muhim omillardan biri bo‘lmoqda. Xususan, halol infratuzilma, halol taomlarning keng tanlovi hamda masjid va ibodat joylarining mavjudligi sayyohlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi aviaqatnovlarning rivojlanishi ham turistik oqimning oshishiga xizmat qilmoqda. Kuala-Lumpur Toshkent va Olmaota bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar orqali bog‘langan.

2026-yil iyul oyida Batik Air Toshkent–Kuala-Lumpur yo‘nalishidagi parvozlar sonini oshirdi. Uzbekistan Airways esa oktabr oyidan ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Turistlar oqimining o‘sishi Malayziyaning 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan Visit Malaysia xalqaro turizm kampaniyasi doirasida ham davom etmoqda. Kampaniya mamlakatning mashhur sayyohlik maskanlari bilan bir qatorda yangi yo‘nalishlari va hududlarini xorijiy sayyohlarga kengroq tanishtirishga qaratilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Fonon zargarlik zavodi 316 mlrd so‘mga savdoga chiqarildi
/
Fonon zargarlik zavodi 316 mlrd so‘mga savdoga chiqarildi
O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 baravarga oshdi
/
O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 baravarga oshdi
Markaziy bank biznes kreditlari uchun yaratilgan platformani xususiylashtirish rejalashtirilmoqda
/
Markaziy bank biznes kreditlari uchun yaratilgan platformani xususiylashtirish rejalashtirilmoqda