Markaziy bank biznes kreditlari uchun yaratilgan platformani xususiylashtirish rejalashtirilmoqda

Tadbircore.uz orqali tadbirkorlar bir nechta bankning kredit takliflarini solishtirib, o‘zlari uchun maqbul shartlarni tanlashi mumkin

Markaziy bank biznes kreditlari uchun yaratilgan platformani xususiylashtirish rejalashtirilmoqda

Markaziy bank mikro, kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun kredit platformasini ishga tushirdi. Unda tadbirkorlar kredit olish uchun ariza topshirishi va bir nechta bankning takliflarini o‘zaro taqqoslashi mumkin bo‘ladi. Bu haqda 24-avgust kuni Prezident Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt departamenti rahbari Bobur Xo‘jayev Silk Road Finance & Technology Forum doirasidagi panel muhokamasida ma’lum qildi.

Gap Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan Tadbircore.uz platformasi haqida ketmoqda. U mikro, kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanishni soddalashtirishga qaratilgan.

Platforma orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza yuboradi. Shundan so‘ng tijorat banklari qarz oluvchini jalb qilish uchun o‘z kredit shartlarini taklif qiladi. Tadbirkor esa mavjud takliflarni solishtirib, o‘zi uchun eng maqbul variantni tanlashi mumkin.

Bobur Xo‘jayevning ta’kidlashicha, platformada kredit oluvchilarni baholash uchun sun’iy intellektga asoslangan skoring tizimidan foydalaniladi. Shu orqali banklar kredit berish imkoniyati uchun o‘zaro raqobatlashadi.

Uning qayd etishicha, davlat va Markaziy bank xususiy moliyalashtirishni jalb qilish uchun yangi vositalarni yaratishda faol ishtirok etmoqda. Bunday yondashuvga misol sifatida 2018-yilda Markaziy bank tomonidan tashkil etilgan va 2025-yilda xususiylashtirilgan Humo to‘lov tizimi keltirildi.

Xo‘jayev kredit platformasiga nisbatan ham shunga o‘xshash model qo‘llanishi mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, platforma to‘liq ishga tushirilib, samarali ishlashi yo‘lga qo‘yilganidan keyin uni xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.

PA vakili xususiy kapitalni jalb qilish maqsadida boshqa yangi vositalar ham yaratilayotganini ta’kidladi.

Jumladan, Markaziy bank tomonidan $50 mln hajmida venchur fondi tashkil etilgan. Hozirda regulyator fondni boshqarish uchun tashqi boshqaruvchini jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Xo‘jayevga ko‘ra, davlat va Markaziy bankning bozorda ishtirok etishi xususiy investorlarning yangi loyihalarga sarmoya kiritish va tavakkal qilishga bo‘lgan tayyorligini oshirishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda $180 mlrddan oshishi kutilmoqda
/
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda $180 mlrddan oshishi kutilmoqda
Qoraqalpog‘istonda $5 mlrdlik mayning va data-markazlar qurilishi boshlandi
/
Qoraqalpog‘istonda $5 mlrdlik mayning va data-markazlar qurilishi boshlandi
Sirdaryo viloyatiga 2026-yilda $2 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
/
Sirdaryo viloyatiga 2026-yilda $2 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda