1-sentabrdan madaniyat va san’at sohasi uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etiladi
Xususan, konsert, kino va bolalar kontenti bilan shug‘ullanuvchi subyektlar 10 yilga qator soliqlardan ozod etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
2026-yil 1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvargacha madaniyat va san’at sohasida faoliyat yurituvchi qator tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari joriy etiladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya va bolalar uchun kontent yaratishdan iborat bo‘lgan subyektlar, shuningdek, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer va mol-mulk soliqlaridan ozod etiladi. Ushbu tashkilotlarda ishlovchi xodimlar uchun ham jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bekor qilinadi.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalarning O‘zbekistonda kino mahsulotlari yaratishdan olgan daromadlari norezidentlar daromadlariga solinadigan manba solig‘i bazasiga kiritilmaydi.
Farmonga muvofiq, davlat budjeti hisobidan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham joriy etiladi. Xususan, har yili shoir va yozuvchilarga kamida 50 ta eng sara asarni yaratish uchun ijodiy buyurtmalar beriladi.
Bundan tashqari, opera, simfoniya va boshqa mumtoz hamda zamonaviy janrlarda har yili kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmalari ajratiladi.
Milliy adabiyotning eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish, ularni mualliflar ishtirokida chet davlatlarda taqdim etish xarajatlari ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblar uchun qog‘oz xarid qilish xarajatlari qoplanadi.
Yana bir yangilik sifatida she’riyat va san’atni uyg‘unlashtirgan eng sara 100 ta she’riy konsertni tashkil etish uchun ham davlat buyurtmasi berilishi belgilandi.
Mazkur maqsadlar uchun 2026-yilda 25 mlrd so‘m, 2027-yildan boshlab esa har yili 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, nodavlat teatrlar va teatr-studiyalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab ularning har yili 50 ta sahna asarini yaratish bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bundan tashqari, xususiy binolarni ijaraga olish xarajatlarining bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Buning uchun esa har yili qo‘shimcha 10 mlrd so‘m ajratiladi.
1-iyuldan boshlab konsert va teatr tashkilotchilariga subsidiyalar ajratiladi. Xususan, Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi (Nukus hamda viloyat markazlaridan tashqari) hududlarda o‘tkazilgan konsert-tomosha tadbirlarida 1 mingdan ortiq chipta sotilgan taqdirda, tashkilotchilarga sotilgan chiptalar qiymatining 20% miqdorida subsidiya beriladi. Shuningdek, davlat va nodavlat teatrlarga o‘z hududida namoyish etilgan spektakllar uchun sotilgan har bir chipta hisobiga qo‘shimcha 10 ming so‘m, boshqa hududlarda ko‘rsatilgan spektakllar uchun esa har bir chipta hisobiga 20 ming so‘m subsidiya ajratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ