1-sentabr O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
Kuzning ilk oyidan boshlab mamlakatda tadbirkorlik, turizm va ijtimoiy sohalarga oid yangi talablar kuchga kiradi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kapital.uz 1-sentabrdan O‘zbekistonda kuchga kiradigan bir qator o‘zgarishlarni bir yerga jamladi.
Ish haqi va stipendiyalar oshib, BHM va MHTEKM o‘zgaradi
1-sentabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7% ga oshiriladi.
Shu sanadan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1,36 mln so‘m (hozirda 1 271 000 so‘m), bazaviy hisoblash miqdori (BHM) esa 440 ming so‘m (412 ming so‘m) etib belgilanadi.
Avtobus uchun yo‘l haqi chiqish vaqtida to‘lanadi
1-sentabrdan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi — validator bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘lovchi avtobusga chiqish vaqtida yo‘l haqini to‘lashi yoki imtiyozli/bepul yurish huquqini tasdiqlashi kerak. Buning uchun transport yoki bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov usullaridan foydalanish mumkin.
Yo‘l haqi avtobusga chiqish vaqtidayoq to‘lanmasa yoki imtiyozli yurish huquqi tasdiqlanmasa, yo‘lovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi. Buning uchun BHMning 1/10 qismi miqdorida (sentabrdan 44 ming so‘m) jarima belgilangan.
Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar bilan “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi
1-sentabrdan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy xodimlar ota-onalarga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etishda amaliy yordam ko‘rsatadi, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanishini doimiy monitoring qiladi va zaruratga ko‘ra boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga yo‘naltiradi.
Shuningdek, 3−18 yoshli bolalarning alohida ta’limga ehtiyoji “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan aniqlanadi va davlat ta’lim muassasalariga yo‘naltiriladi.
YAIDXPda virtual to‘lov kartalari joriy etiladi
1-sentabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)da tijorat banklarining virtual to‘lov kartalarini joriy etish rejalashtirilgan. Foydalanuvchi virtual kartaga o‘zining amaldagi bank kartasini biriktirib, davlat xizmatlari uchun portal orqali to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Virtual kartani ochish, uni to‘ldirish va unda qolgan mablag‘ni foydalanuvchining boshqa bank kartasiga o‘tkazish uchun komissiya undirilmaydi. Shuningdek, ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan, asossiz rad etilgan davlat xizmati uchun to‘langan hamda kechiktirilgan xizmat uchun amalga oshirilgan to‘lovlar alohida arizasiz virtual kartaga avtomatik ravishda qaytariladi.
Madaniyat va san’at sohasidagi ayrim tashkilotlarga soliq imtiyozlari beriladi
2026-yil 1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvarga qadar konsertlarni tashkil etish, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar, nodavlat teatrlar va teatr-studiyalar, shuningdek, madaniyat va san’at sohasidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qator soliqlardan ozod qilinadi.
Jumladan, ular qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i va mulk solig‘ini to‘lamaydi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar xodimlarining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ham ushbu davrda undirilmaydi.
Bundan tashqari, nodavlat teatr va teatr-studiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 10 mlrd so‘m ajratiladi. Mablag‘lar hisobidan har yili 50 ta sahna asarini yaratish xarajatlari hamda xususiy binolar ijarasining bir qismi qoplanadi. Shuningdek, 1-iyuldan davlat va nodavlat teatrlarga sotilgan har bir chipta uchun qo‘shimcha subsidiya berila boshlagan: spektakl teatr faoliyat yuritayotgan hududda namoyish etilsa — 10 ming so‘m, boshqa hududga chiqib namoyish etilsa — 20 ming so‘m.
Ayrim doktorantlarga oshirilgan stipendiya to‘lanadi
2026-yil 1-sentabrdan davlat budjeti hisobidan ajratiladigan tayanch doktorantura va doktorantura qabul kvotasining kamida 60%i ustuvor ilmiy ixtisosliklarga ajratiladi. Shu yo‘nalishlarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi.
Bundan tashqari, ustuvor ilmiy ixtisoslikda tahsil olayotgan doktorantlarning tadqiqot ishi uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilishga har oy bazaviy stipendiyaning 30% i miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, tayanch doktoranturaning birinchi o‘quv yilida ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili kabi fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Ustuvor ilmiy ixtisosliklar qatoriga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, atom va qayta tiklanuvchi energetika, agroinnovatsiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot va biotexnologiyalar, suv resurslari va iqlim barqarorligi, yangi materiallar, robototexnika va avtomatlashtirish, shuningdek, seysmik xavfsizlik yo‘nalishlari kiritilgan.
Turizm sohasida tadbirkorlarga yangi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi
1-sentabrdan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan bir qator xarajatlar qoplab beriladi. Xususan, 2030-yil oxiriga qadar xorijdan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, mahalliy turoperatorlarning xorijdagi targ‘ibot tadbirlari xarajatlarining 25%igacha, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan qismi qoplanadi. Tadbirkorlarga sayyohlar uchun madaniy-ommaviy, konsert-tomosha va boshqa madaniy tadbirlarni tashkil etish xarajatlarining bir qismini bir yilgacha muddatga moliyalashtirish tartibi ham joriy etiladi.
O‘zbekiston kompaniyalari xorijga yiliga $200 minggacha investitsiya kiritishi mumkin
16-sentabrdan O‘zbekistondagi xususiy kompaniyalar oldindan ruxsat olmasdan xorijiy korxonalarga investitsiya kiritish, shuningdek, chet elda filial, vakolatxona va savdo uylari ochish uchun yiliga $200 minggacha mablag‘ yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.
Davlat ulushi mavjud kompaniyalar uchun limit yiliga $100 ming etib belgilanadi. Bundan tashqari, xususiy biznes xorijdagi filial va vakolatxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun yiliga $100 minggacha, davlat ishtirokidagi kompaniyalar esa $50 minggacha mablag‘ o‘tkazishi mumkin.
Jismoniy shaxslar uchun ham kapitalni xorijga chiqarish soddalashtiriladi: fuqarolar xorijiy kompaniyalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ularda ishtirok etish uchun yiliga $10 minggacha mablag‘ o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Barcha bunday operatsiyalar FERUz valyuta operatsiyalarini hisobga olish tizimida ro‘yxatga olinadi.
Yonilg‘i quyish shoxobchalarida muddati o‘tgan uskunalardan foydalanish cheklanadi
2026-yil 1-sentabrdan barcha turdagi yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlarida, jumladan, o‘z ehtiyojlari uchun yonilg‘idan foydalanadigan obyektlarda ham, xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniqlanmagan ortiqcha bosim ostida ishlaydigan uskunalardan foydalanish cheklanadi. Bu cheklov 2030-yil 1-yanvargacha amal qiladi.
Shuningdek, 1-sentabrdan neft mahsulotlari, suyultirilgan uglevodorod gazi va siqilgan gazni saqlash sig‘imlari hamda ularni taqsimlash uskunalari bir joyda yonma-yon joylashtirilgan konteynerlarni o‘rnatishga faqat belgilangan xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda ruxsat etiladi. Bunda sertifikatlangan modulli yonilg‘i quyish shoxobchalari, xavfsiz masofalar, mustahkam konstruksiyalar, yong‘inga qarshi to‘siqlar va avtomatik avariya blokirovkalari kabi talablar nazarda tutilgan.
Qurilishda yangi nazorat va ruxsat berish tartiblari joriy etiladi
1-sentabrdan O‘zbekistonning barcha hududlarida bino-inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino-inshootlar qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati — arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. Bosh rejasi raqamlashtirilgan aholi punktlarida bu talablar inson omilisiz, avtomatik shakllantiriladi.
Shu sanadan boshlab qurilishi yangidan boshlanadigan ayrim obyektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish talabi ham joriy etiladi. Bu tadbirkorlar quradigan ko‘p kvartirali uylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obyektlari, shuningdek, budjet mablag‘lari hisobidan quriladigan qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori obyektlarga taalluqli bo‘ladi.
Nasldor qoramollarni saqlash uchun subsidiya ajratiladi
2026-yil 1-sentabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar naslchilik xo‘jaliklariga o‘stirishga qoldirilgan identifikatsiya qilingan urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya beriladi. Subsidiya miqdori buzoqning olinishi va saqlash muddatiga qarab belgilanadi: birinchi nasldor urg‘ochi buzoq uchun 1,5 mln so‘m, ikkinchi buzoq uchun 2 mln so‘m, 12 oylikkacha va 12−18 oylik davrlarining har biri uchun 1 mln so‘mdan ajratiladi.
Shuningdek, Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi muassisligida servis korxonasi tashkil etilib, xorijdan yirik va mayda shoxli qoramollarni olib kelish va xo‘jaliklar hamda aholiga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Yetkazib berilgan chorva mollari uchun kamida 12 oylik oziqlantirish, veterinariya, sun’iy urug‘lantirish, naslchilik va zootexnik xizmatlarni qamrab olgan servis paketi ham taqdim etiladi.
Parrandachilik sohasiga yillik 10% li kreditlar ajratiladi
1-sentabrdan parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchilar va “tayyor biznes” loyihalarini moliyalashtirish uchun “Mikrokreditbank” orqali yillik 10% stavkada kreditlar ajratiladi. Bu shartlar faqat yangi rasmiylashtiriladigan kredit shartnomalariga tatbiq etiladi.
Kreditlar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bankka yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobidan beriladi.
Korreksion sinf tashkil etgan nodavlat maktablarga subsidiya beriladi
1-sentabrdan korreksion sinf tashkil etgan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi.
Subsidiya miqdori:
- Toshkent shahrida — BHMning 11 baravari;
- viloyat markazlari va Nukus shahrida — 9,5 baravari;
- boshqa tuman va shaharlarda — 8,5 baravarini tashkil etadi.
Boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga majburiy joylashtirish bekor qilinadi
1-sentabrdan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar Ijtimoiy markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi. Sud qarori asosida ularni majburiy joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
Markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi. Ular uchun hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirishni nazarda tutuvchi individual reja ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 1-sentabrdan tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalarining ishchi mutaxassislari, muhandis-texniklari va ishlab chiqarish xodimlari birinchi navbatda Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar hisobidan shakllantiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ