Toshkentning uch tumanida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshiriladi
Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida renovatsiyaga tushgan uylar mulkdorlariga o‘rniga o‘rin uy-joy yoki kompensatsiya taklif etiladi
Foto: Kapital.uz
Toshkent shahar hokimining 25-avgustdagi qarori bilan Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi belgilandi.
Ushbu qaror prezidentining “Ko‘p kvartirali turar joy majmualarini qurishda kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish va shaffoflikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosi ni ta‘minlash maqsadida qilindi. Hujjatda kompleks qurilish loyihalarini amalga oshirish hududlari ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi hududlar kiritilgandi. Loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul tashkilot etib Toshkent Invest kompaniyasi belgilangan.
Hokim qarorida keltirilishicha, yuqoridagi tumanlar hokimlari kompleks qurilish loyihalari amalga oshirilishini, kompleks qurilish hududlarida istiqomat qiluvchi aholiga va renovatsiyaga tushgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida ushbu hududlardagi mahalla binolarida Toshkent Invest, tuman hokimligi, Adliya boshqarmasi, Kadastrlar palatasi, Qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat shtab tashkil etilishini ta’minlaydi.
Toshkent Invest renovatsiyaga tushgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga o‘ringa o‘rin mulk taqdim etish bo‘yicha kompleks qurilish hududiga yaqin hududda turar joy majmualari qurayotgan developerlik kompaniyalari bilan muzokaralar olib borgan holda takliflarni shakllantiradi.
Renovatsiyaga tushgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlari bilan muzokaralar o‘tkazgan holda kompensatsiya turlarini kelishgan holda notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlarini tuzadi. Qurilish hududining batafsil rejalashtirish loyihasi (master rejasi) va qurish loyihasini ishlab chiqish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali loyiha tashkilotlarini jalb qiladi.
Toshkent shahar hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi shaharsozlik talablariga muvofiq bo‘lmagan hamda instrumental-texnik tekshiruv natijalariga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan ko‘p kvartirali uylarni belgilangan tartibda bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Uchta tuman hokimi va poytaxt hokimining o‘rinbosari ikki kun ichida mulkdorlarga ularning ko‘chmas mulki renovatsiyaga tushgani haqida xabarnoma yuborishi hamda kompensatsiya olish masalasi bo‘yicha mahallalarda tashkil etilgan shtablarga murojaat qilishni taklif etishi lozim.
Mulkdorlar bilan notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlari tuzilgan renovatsiyaga tushgan ko‘chmas mulk obyektlarining hisob raqamlari bo‘yicha mavjud qarzdorlik (elektr energiyasi, suv, issiqlik, gaz va chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha) qarzdorlik yoki ortiqcha to‘lovlar o‘ringa o‘rin topshirilgan yangi turar joylar bo‘yicha ochilgan hisob raqamlariga o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ