“O‘zbekneftgaz” kreditlarni qayta moliyalashtirish hisobiga 219 mlrd so‘m tejadi

Kompaniya $385 mlnlik kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini pasaytirdi

“O‘zbekneftgaz” kreditlarni qayta moliyalashtirish hisobiga 219 mlrd so‘m tejadi

“O‘zbekneftgaz” 2026-yilning dastlabki sakkiz oyidagi faoliyati yakunlarini sarhisob qildi.

Hisobot davrida kompaniya va uning tizimidagi korxonalar 35,2 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqardi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,8% ga ko‘p.

Yanvar–avgust oylarida 15,1 mlrd kub metr tabiiy gaz va 798 ming tonna suyuq uglevodorod qazib olindi. Neft-gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi esa 3 mln tonnadan oshdi.

Jumladan, 688 ming tonna benzin, 620 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 744,8 ming tonna sintetik mahsulot, 172,3 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi, 400,5 ming tonna suyultirilgan gaz, 123,5 ming tonna oltingugurt va 89,8 ming tonna polietilen ishlab chiqarildi.

Shu davrda kompaniya $658 mln miqdorida investitsiyalarni o‘zlashtirdi. Mahsulot eksporti $615,2 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, import hajmi $155,3 mlnga qisqardi. Budjetga tushumlar esa 5,5 trln so‘mga yetdi.

“O‘zbekneftgaz” va tizimdagi asosiy ishlab chiqarish korxonalarining jami sof foydasi o‘tgan yilga nisbatan 155% ga oshdi. Kompaniya buni xarajatlarni optimallashtirish, debitorlik qarzdorligini kamaytirish va qo‘shimcha daromad manbalaridan foydalanish bilan izohladi.

Bundan tashqari, kompaniya jami $385 mlnlik yuqori foizli kreditlarni qayta moliyalashtirdi. Kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari yillik 9,5–12% dan 5,5–7,5% gacha tushirildi. Natijada “O‘zbekneftgaz” foiz xarajatlari hisobidan 219 mlrd so‘m tejashga erishdi.

Kompaniya yangi konlarni aniqladi

Xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida kompaniya o‘tgan yil davomida 20 ta investitsiya bloki bo‘yicha ruxsatnomalar oldi. 6,21 ming kvadrat kilometr hududda 3D-seysmik tadqiqotlar o‘tkazildi va 24 ta qidiruv qudug‘i qurilishi yakunlandi.

Geologiya-qidiruv ishlari natijasida “Qiziljar”, “Shagirlik”, “Telegri”, “Gulshanbog‘” va “Kaprin” konlari aniqlandi. Bundan tashqari, 60 ta yangi quduq burg‘ilandi va yana 81 ta quduq ta’mirlandi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” yangi burg‘ulash va ta’mirlash texnikalarini xarid qildi. Kompaniya Ustyurt hududida quduqlarni burg‘ulash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni ham rivojlantirmoqda.

Xodimlar ish haqi 20% ga oshirildi

Kompaniya xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni ham ma’lum qildi.

Joriy yilda xodimlarning ish haqi jami 20% ga oshirildi. Qator korxonalarda bepul issiq ovqat yo‘lga qo‘yildi, shuningdek, xodimlarning imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqishi uchun mexanizm joriy etildi.

Bundan tashqari, xodimlarga bayramlar munosabati bilan mukofotlar berildi. Kompaniya yotoqxonalar va vagon-ta’mirlash ustaxonalarini ta’mirlash, shuningdek, xodimlar uchun zamonaviy avtobuslar xarid qilish ishlarini ham amalga oshirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentning uch tumanida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshiriladi
/
Toshkentning uch tumanida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshiriladi
Rublning so‘mga nisbatan kursi uch oyda qariyb 20% ga pasaydi
/
Rublning so‘mga nisbatan kursi uch oyda qariyb 20% ga pasaydi
Yetti oyda gaz importi eksportdan qariyb 4 baravar oshdi
/
Yetti oyda gaz importi eksportdan qariyb 4 baravar oshdi