Yangi Toshkentning investitsiya salohiyati $200 mlrdgacha baholanmoqda

Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda $50 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan

Yangi Toshkentning investitsiya salohiyati $200 mlrdgacha baholanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Unda yer ajratish, ruxsatnomalar olish va to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, uch yil avval boshlangan loyiha doirasida infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi obyektlarga katta mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Hozirgacha Yangi Toshkentga $2 mlrd dan ortiq investitsiya kiritilgan. Biroq xususiy sektorni qurilishga jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos kelmayapti.

Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda $50 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Yangi aeroport qurilishi bilan birga hududning investitsiya salohiyatini $200 mlrdgacha yetkazish mumkin.

Hozirda ming gektardan ortiq maydonda, asosan, davlat mablag‘lari hisobidan qurilish olib borilmoqda. Tadbirkorlarga esa atigi 94 gektar yer ajratilgan.

Yer ajratish va ruxsat olish jarayonlari qayta ko‘rib chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent faqat uy-joylar quriladigan hudud bo‘lib qolmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini birlashtirgan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi lozim.

Shu bilan birga, hozirgacha ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Investorlarga ajratilgan 28 ta lotda faol qurilish ishlari boshlanmagan. Prezidentning qayd etishicha, bunga investorlarning mablag‘i yoki istagi yo‘qligi sabab bo‘layotganini aytish to‘g‘ri emas. Eskicha talablar, ruxsat olish jarayonlarining cho‘zilishi va ayrim idoralarning tadbirkorlarga hamkor sifatida emas, nazoratchi sifatida munosabatda bo‘lishi loyihalarga to‘sqinlik qilmoqda.

Investor esa kutmaydi. U ko‘mak va kafolat sezmasa, mablag‘ini boshqa bozorga yo‘naltiradi, — dedi davlat rahbari.

Shu sababli tadbirkorlarga yer ajratishdan boshlab, loyihalarni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yangi Toshkent hududida yerga talab ortib bormoqda. Bir gektar yerning o‘rtacha qiymati 2024-yilda 10 mlrd so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozirda 19 mlrd so‘mga ko‘tarilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston Markaziy banki yil boshidan buyon qariyb 50 tonna oltin sotib oldi
/
O‘zbekiston Markaziy banki yil boshidan buyon qariyb 50 tonna oltin sotib oldi
MB kredit uchun kartalardan avtomatik pul yechishga cheklov kiritadi
/
MB kredit uchun kartalardan avtomatik pul yechishga cheklov kiritadi
Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashidan chiqmoqchi
/
Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashidan chiqmoqchi