O‘zbekiston Markaziy banki yil boshidan buyon qariyb 50 tonna oltin sotib oldi
Avgust oyida O‘zbekiston va Polsha 8 tonnadan oltin xarid qildi
Фото: «РИА Новости»
O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil avgust oyida 8 tonna oltin sotib oldi. Natijada yil boshidan buyon xarid qilingan oltin hajmi qariyb 50 tonnaga yetdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlarida keltirilgan.
Kengash ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida dunyo markaziy banklari jami 39 tonna oltin xarid qilgan. Yil boshidan buyon esa ularning sof oltin xaridlari 170 tonnani tashkil etgan.
Avgust oyida eng ko‘p oltin xarid qilgan mamlakat Xitoy bo‘ldi. Uning oltin zaxiralari 20 tonnaga oshdi. O‘zbekiston va Polsha esa 8 tonnadan oltin sotib olib, keyingi o‘rinlarni egalladi.
Shuningdek, Qozog‘iston oltin zaxiralarini 7 tonnaga, Turkiya 3 tonnaga, Chexiya esa 2 tonnaga oshirdi. Rossiya va Iordaniya, aksincha, zaxiralarini mos ravishda 6 tonna va 3 tonnaga qisqartirdi.
Avgust oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin zaxiralari qariyb 439 tonnaga yetdi. Oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining qariyb 90 foizini tashkil etadi.
Yil boshidan buyon Polsha yetakchi
2026-yil boshidan buyon oltin xaridlari bo‘yicha Polsha markaziy banklar orasida yetakchilik qilmoqda. Mamlakat zaxiralari 98 tonnaga oshgan.
Xitoy 80 tonna bilan ikkinchi, O‘zbekiston esa qariyb 50 tonna bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston yil boshidan buyon oltin zaxiralarini qariyb 36 tonnaga, Chexiya esa 14 tonnaga oshirdi.
Turkiya esa yil boshidan buyon oltinni eng ko‘p sof sotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda. Uning sof sotuvlari 82 tonnani tashkil etdi, bunda asosiy qismini birinchi chorakdagi sotuvlar tashkil qilgan.
Rossiya ham yil boshidan buyon 56 tonna oltin sotgan.
Avvalroq Kapital.uz O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2026-yil sentabrida oltin narxining pasayishi hisobiga $5,5 mlrdga kamayib, 1-oktabr holatiga $66,6 mlrdni tashkil etgani haqida yozgan edi. Ammo mamlakatning oltin zaxiralari jismoniy hajmda kamaymagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ