“Rayhon” oilaviy taomlari asoschisi Odilxon Ismoilov sud zalida ozod qilindi
Ammo tadbirkorga nisbatan 3 yillik sinov muddati belgilandi
Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi tomonidan “Rayhon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi Odilxon Ismoilov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi, deya xabar bermoqda Namangan viloyati sudlari matbuot xizmati.
2026-yil 13-iyuldagi birinchi instansiya sudining hukmi bilan 1977-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Odilxon Ismoilov Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Apellyatsiya sudiga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan moddiy zararning bir qismi naqd pul shaklida depopit hisob raqamiga topshirilgan va sudlangan tadbirkorga tegishli mulk bankning talabiga asosan bank balansiga qabul qilinishi belgilangan.
Shuningdek, xatlangan mol-mulklar sottirilib, yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltirilgan hamda zararni qoplash uchun faqatgina Odilxon Ismoilov va uning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan mulklar ajratilgan.
Ushbu holatlardan kelib chiqib, apellyatsiya instansiyasi Odilxon Ismoilovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni o‘zgarishsiz qoldirdi, biroq Jinoyat kodeksining 72-moddasiga (Shartli hukm qilish) asosan 3 yil sinov muddati belgiladi.
Ajrim e’lon qilingach, Odilxon Ismoilov sud zalida qamoqdan ozod etildi.
Odilxon Ismoilov 2010-yildan Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari bo‘lgan. 2011-yildan 2018-yil iyuligacha Shayxontohur tumani bosh imom xatibi va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom xatibi bo‘lib ishlagan. 2018-iyulda esa Musulmonlar idorasi Ismoilov “tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatgani va bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli” ishdan olinganini ma’lum qilgan.
U 2019-yildan boshlab “Vaqf” xayriya jamoat fondida faoliyat yuritgan. 2019-yil fevralida Ismoilov Shayxontohur tumani “Xo‘ja Alambardor” masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. 2019-yilning sentabrida esa sog‘ligidagi muammolar tufayli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ