“Rayhon” restoranlar tarmog‘i asoschisi sakkiz yilga qamaldi
Pop tumani sudi talon-toroj va mansab soxtakorligi ishida ayblangan yetti nafar shaxsga nisbatan ayblov hukmini o‘qidi
Namangan viloyati Pop tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida “Rayhon” oilaviy milliy taomlari tarmog‘i asoschisi Odilxon Ismoilov va uning sheriklariga nisbatan iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha hukm chiqarildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, yetti nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi:
- 167-modda — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish;
- 209-modda — mansab soxtakorligi;
- 227-modda — hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni egallash, yo‘q qilish, shikastlash yoki yashirish;
- 228-modda — qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, ularni o‘tkazish yoki ulardan foydalanish.
1977-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan Odilxon Ismoilov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Qamoqda va uy qamog‘ida saqlangan vaqt hisobga olingan holda, uning jazo muddati 7 yil 11 oy 28 kun etib belgilandi. Qolgan olti nafar sudlanuvchiga ham sodir etgan qilmishlarining og‘irligidan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud, shuningdek, aybdorlarni yetkazilgan moddiy zararni solidar tartibda, ya’ni birgalikda qoplashga majbur qildi. Birinchi instansiya sudi hukmi qonunchilikda belgilangan muddatlarda viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Ochiq manbalarga ko‘ra, Odilxon Ismoilov 2010-yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2011-yildan 2018-yil iyuligacha Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi hamda “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagan.
2018-yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi uni internet orqali tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatgani va sog‘lig‘i sabab xizmat vazifalarini to‘liq bajara olmagani uchun lavozimidan ozod etganini ma’lum qilgan.
2019-yilda Ismoilov “VAQF” jamoat xayriya fondida faoliyat yuritgan. Shu yil fevral oyida Shayxontohur tumanidagi “Xo‘ja Alambardor” masjidiga imom-xatib etib tayinlangan, biroq sentabr oyida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ