Saneg tasarrufiga berilgan neft konlari litsenziyalari bekor qilingan — Davaktiv

Shuningdek, FNQZ Sanegdan to‘lovlar kechiktirilgani uchun davlatga qaytarilgan

Saneg tasarrufiga berilgan neft konlari litsenziyalari bekor qilingan — Davaktiv

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov O‘zbekistondagi bir qator neft konlaridan foydalanish huquqi “Sanoat energetika guruhi” (Saneg) kompaniyasiga qanday tartibda berilgani va nega bu konlar ochiq savdolarga chiqarilmagani haqida izoh berdi.

8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida strategik ahamiyatga ega neft konlarining xususiy kompaniya tasarrufiga o‘tkazilishi yuzasidan savol berildi.

Murodovning tushuntirishicha, konlarning o‘zi xususiylashtirilmagan. Saneg kompaniyasiga faqat yer qa’ridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar taqdim etilgan. Uning qayd etishicha, bunday amaliyot boshqa kompaniyalarda ham mavjud bo‘lgan.

Agentlik rahbari ilgari yer qa’ridan foydalanish huquqini olish tartibi boshqacha bo‘lganini aytdi. Vazirlar Mahkamasining 133-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, avvalgi tartibda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish uchun birinchi bo‘lib murojaat qilgan shaxs belgilangan to‘lovlarni amalga oshirib, litsenziya olishi mumkin edi.

Keyinchalik uglevodorod konlaridan foydalanish huquqini berish tartibi o‘zgartirilib, litsenziyalarni auksion orqali taqdim etish mexanizmi joriy qilindi. Sohibjon Murodov bu amaliyot 2023–2024-yillardan boshlab yo‘lga qo‘yilganini bildirdi.

Uning aytishicha, Sanegga ilgari berilgan ayrim litsenziyalar hozirda bekor qilingan. Bunga konlar xo‘jalik aylanmasiga kiritilmagani va litsenziya shartlari bajarilmagani sabab bo‘lgan.

Hozirda Geologiya vazirligi ushbu konlardan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqmoqda.

Biroq Davaktiv rahbari litsenziyalari bekor qilingan konlarning aniq soni, ularning joylashuvi va Saneg tasarrufida foydalanish huquqi saqlanib qolgan konlar soniga aniqlik kiritmadi.

FNQZ to‘lovlar kechiktirilgani sababli davlatga qaytarilgan

Sohibjon Murodov Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQZ) davlat tasarrufiga qaytarilishi sabablarini ham tushuntirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavod ustav fondidagi davlat ulushi Saneg kompaniyasiga sotilgan, biroq investorning boshqa loyihalaridagi moliyaviy qiyinchiliklar sababli xarid to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Oldi-sotdi shartnomasida to‘lovlar uch oy davomida kechiktirilgan taqdirda sotuvchi shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega ekani belgilangan. Davaktiv xalqaro yuristlarni jalb qilib, ularning xulosalari asosida va ikkinchi tomonni ogohlantirgan holda shartnomani bekor qilgan.

Natijada zavod davlat tasarrufiga qaytarilgan.

2022-yil may oyida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz davlat ulushi 100 mln dollarga Saneg kompaniyasiga sotilgan edi. 2026-yil iyun oyida zavod yana to‘liq davlat ixtiyoriga qaytarilgani haqida xabar berilgan. Biroq o‘sha vaqtda rasmiylar qarorning sabablariga izoh bermagan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda to‘qqiz oyda kiberjinoyatlar ortidan fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
/
O‘zbekistonda to‘qqiz oyda kiberjinoyatlar ortidan fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
O‘zbekistonga to‘qqiz oyda 10,3 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurdi
/
O‘zbekistonga to‘qqiz oyda 10,3 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurdi
Toshkent atrofidagi issiqxonalarga filtr o‘rnatish sharti bilan ko‘mirdan foydalanishga ruxsat beriladi
/
Toshkent atrofidagi issiqxonalarga filtr o‘rnatish sharti bilan ko‘mirdan foydalanishga ruxsat beriladi