O‘zbekistonda to‘qqiz oyda kiberjinoyatlar ortidan fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
Ularning qariyb yarmi zararli APK fayllar orqali sodir etilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yordamida 69 962 ta jinoyat sodir etildi. Bu haqda 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, jinoyatlarning asosiy qismi elektron to‘lov tizimlari orqali fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq.
Ashropov, shuningdek, APK fayllari orqali amalga oshiriladigan firibgarliklardan himoyalanish uchun “Apk Qo‘riqchi” dasturi ishlab chiqilganini bildirdi. Hozirga qadar ushbu ilovaga 3 mln kishi ulangan.
Kiberjinoyatlar oqibatida 1 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sa’dullayevning ma’lum qilishicha, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan.
Tergov harakatlari davomida 210 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ egalariga qaytarilgan.
Sa’dullayev pul mablag‘lari noqonuniy yechib olinganini sezgan fuqarolarni zudlik bilan 102 raqamiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, tezkor xabar berish o‘g‘irlangan mablag‘larni saqlab qolish imkoniyatini oshiradi.
Kechikib murojaat qilinganida esa pullar boshqa davlatlarga o‘tkazib yuborilishi mumkin.
Kiberfiribgarlikning eng keng tarqalgan usuli — zararli APK fayllar
Departament vakilining aytishicha, hozirda firibgarlar fuqarolarning pullarini asosan to‘rtta usul orqali o‘zlashtirmoqda. Ulardan eng keng tarqalgani zararli APK fayllardan foydalanishdir. Sa’dullayev kiberjinoyatlarning qariyb 50 foizi shu usul orqali sodir etilishini ta’kidladi.
Firibgarlar zararli APK fayllarni to‘y taklifnomasi, fotosurat yoki ta’ziya xabari ko‘rinishida yuborishi mumkin.
Agar biz mana shu virusni bugun to‘xtatadigan bo‘lsak, undan jabr ko‘rayotgan 50% xalqni saqlab qolgan bo‘lamiz, — dedi Sa’dullayev.
Soxta havolalar va internetdagi firibgarliklardan ehtiyot bo‘lish kerak
Kiberfiribgarlikning yana bir keng tarqalgan usuli — soxta havolalar. Sa’dullayev fuqarolarni shubhali havolalarni ochmaslikka va noma’lum manbalardan yuborilgan fayllarni yuklab olmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, u onlayn savdo jarayonida ehtiyotkor bo‘lish zarurligini ta’kidladi. Mahsulotni ko‘rmasdan yoki sotuvchining ishonchliligini tekshirmasdan oldindan pul o‘tkazish mablag‘ni yo‘qotish xavfini oshiradi.
Soxta investorlar va davlat idoralari nomidan qo‘ng‘iroq qiluvchilar
Sa’dullayev fuqarolarni qisqa muddatda pulni ikki baravar ko‘paytirib berishni va’da qiladigan soxta investorlar va treyderlarga ishonmaslikka chaqirdi.
Bundan tashqari, o‘zini bank, ichki ishlar organlari yoki boshqa davlat idorasi xodimi sifatida tanishtirib qo‘ng‘iroq qiladigan shaxslardan ham ehtiyot bo‘lish lozim. Departament vakilining qayd etishicha, davlat organlari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning shaxsiy ma’lumotlarini so‘ramaydi.
Oddiy qoida — shaxsiy ma’lumotingiz va SMS kodlarni, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlarni yoki sizni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi boshqa ma’lumotlarni hech qachon begona shaxsga bermang, — dedi Jahongir Sa’dullayev.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ