Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashidan chiqmoqchi
U avvalroq Interpol liniyasi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgan edi
Anorbankning yirik aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimov bank kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish haqida ariza berdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.
Ariza 2-oktyabr kuni topshirilgan. Olimovning kuzatuv kengashidagi vakolatlarini tugatish masalasi 28-oktyabr kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, bank ma’lumotiga ko‘ra, 5-oktyabr kuni aksiyadorlar investitsiyalarni jalb qilish maqsadida 100 mlrd so‘mlik qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishini ma’qullagan.
Anorbank kapitalni oshirish alohida aksiyador bilan bog‘liq holatlarga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Hozirda bank qo‘shimcha aksiyalar chiqarish va kapitalni oshirish uchun qonunchilik hamda korporativ tartiblarda belgilangan bosqichlardan o‘tmoqda.
Avvalroq Kapital.uz Qahramonjon Olimov Interpol liniyasi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ