Qahramonjon Olimov atrofidagi xabarlarga Anorbank va Markaziy bank izoh berdi
Bank hamda regulyator uning shaxsiy masalalari Anorbank faoliyatiga ta’sir qilmasligini bildirdi
O‘zbekistonlik moliyachi va “Anorbank”ning asosiy aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimov xalqaro qidiruvga berilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, bank mijozlari orasida uning faoliyatiga oid savollarni yuzaga keltirdi. Bank va Markaziy bank vaziyatga munosabat bildirib, “Anorbank” odatdagi tartibda ishlayotganini ma’lum qildi.
18-sentabr kuni The Insider nashri Qahramonjon Olimov O‘zbekistonda sirtdan hibsga olingani va xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar berdi. Nashr ma’lumotni Olimovga yaqin manbaga tayanib tarqatgan.
The Insider ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov 2025-yil yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani haqida xabar bergan edi. Endilikda esa uning o‘zi odam o‘g‘irlashni tashkil etishda gumon qilinayotgani aytilmoqda.
Nashr ushbu ish bo‘yicha O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan rasmiy ma’lumot hozircha e’lon qilinmaganini qayd etgan. Shu sababli Olimovga qo‘yilayotgan ayblovlar bo‘yicha ma’lumotlar manba tomonidan bildirilgan da’volar sifatida qolmoqda.
Ish Botir Rahimov bilan nizoga bog‘langan
The Insider ushbu voqeani Olimovning sobiq ish beruvchisi va biznesdagi raqibi Botir Rahimov bilan uzoq davom etgan moliyaviy nizosi bilan ham bog‘lagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rahimov Olimovdan 200 mln dollardan ortiq kompensatsiya talab qilgan. Olimov esa Rahimovni moliyaviy da’volaridan voz kechishga majburlash maqsadida uning o‘g‘irlanishini tashkil qilganlikda gumon qilinmoqda.
Biroq bu versiya ham The Insider suhbatlashgan manbaga asoslangan bo‘lib, O‘zbekistonning vakolatli davlat organlari tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Anorbank: aksiyadorning shaxsiy masalasi bank faoliyatiga bog‘liq emas
Xabarlar tarqalganidan so‘ng “Anorbank” vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Bank ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan holat aksiyadorlardan birining shaxsiy masalalariga taalluqli ekanini ma’lum qildi.
Bankning ta’kidlashicha, ushbu masalani “Anorbank”ning boshqaruvi, kapitali yoki operatsion faoliyati bilan bog‘lash noto‘g‘ri. Bankka ushbu holat yuzasidan vakolatli organlardan rasmiy tasdiq yoki so‘rov kelib tushmagan.
“Anorbank” barcha operatsiyalar odatdagi tartibda davom etayotganini, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar belgilangan tartibda bajarilayotganini bildirdi.
Bank, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tekshirilmagan va anonim ma’lumotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish, axborotni rasmiy manbalar orqali tekshirishga chaqirdi.
Markaziy bank: “Hammasi joyida”
Markaziy bank ham “Anorbank” faoliyatiga oid savollarga javob berdi. Regulyator “X” platformasidagi izohida bank odatdagi rejimda ishlayotganini ma’lum qildi.
Hammasi joyida. “Anorbank” odatdagi tartibda ishlamoqda: omonat, kredit, to‘lov va boshqa xizmatlar uzluksiz davom etmoqda, — deyiladi Markaziy bank izohida.
Regulyatorning bildirishicha, alohida aksiyador bilan bog‘liq holat bankning kundalik operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligini belgilamaydi.
Markaziy bank bank mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etayotgani va faoliyat uzluksizligi ta’minlanayotganini qayd etdi.
Qahramonjon Olimov “Anorbank”ning Kuzatuv kengashi a’zosi va bankning yirik aksiyadorlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan. Markaziy bankning bank haqidagi ma’lumotlarida esa “Anorbank” amaldagi litsenziyaga ega bank sifatida qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ