O‘zbekistonda alifbo o‘zgarishi sabab amaldagi banknotlarni almashtirish talab etilmaydi
Markaziy bank yangilangan alifbo asosida yangi banknotlar chiqarilsa, ular amaldagi pullar bilan bir vaqtda muomalada bo‘lishini bildirdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Oʻzbekistonda alifbo oʻzgarishi sabab qo‘ldagi naqd pulni ham almashtirishga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbek alifbosidagi ayrim harflarning yozilishiga oʻzgartirish kiritildi. Lekin bu hozir qoʻlingizdagi amaldagi pullarni ham almashtirish kerak degani emas. Hozir muomalada boʻlgan barcha pullar avvalgidek ishlatilaveradi, deyiladi Markaziy bank vakili izohida.
Qayd etilishicha, ular bilan bemalol xarid qilish yoki toʻlovlarni amalga oshirish mumkin. Kelajakda yangilangan alifbo asosida banknotlar chiqarilsa, ular ham hozirgi pullar bilan bir xil muomalada boʻladi.
Agar yangi banknotlar chiqariladigan boʻlsa, Markaziy bank bu haqda kamida bir hafta oldin rasmiy axborot beradi.
Adliya vazirligi 17-noyabr kuni banklarda naqd pul muomalasini tashkil etish bo‘yicha yangi yo‘riqnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yoʻriqnoma bilan banklarni naqd pul bilan ta’minlash, aholiga va tadbirkorlarga naqd pul berish, banknot va tangalarni muomalaga chiqarish hamda banklar o‘rtasida naqd pullarni taqsimlash tartibi belgilandi.
Unga koʻra, banklar oʻrtasida naqd pul taqsimoti elektron tashkil etiladi. “Naqd pullarning elektron maydoni” dasturiy majmuasi orqali ortiqcha naqd pulga ega banklar boshqa banklarga mablagʻ taklif qiladi, naqd pulga ehtiyoji mavjud banklar esa elektron talabnoma yuboradi.
Naqd pullar banklar oʻrtasida inkassatsiya xizmati orqali yetkazib beriladi.
Naqd pulga boʻlgan ehtiyoj oldindan rejalashtiriladi. Banklar har oyda naqd pul kirimi va chiqimi boʻyicha prognoz tayyorlab, uni oy boshlanishidan kamida 3 bank ish kuni oldin elektron shaklda taqdim etadi.
Banknot va tangalarga qoʻyiladigan talablar belgilandi. Muomalaga chiqariladigan pul belgilarida quyidagilar boʻlishi shart:
- pulning raqamlar bilan ifodalangan nominal qiymati;
- pul belgilarini bir-biridan oson farqlash imkonini beruvchi oʻlcham va ranglar;
- Markaziy bankning nomi;
- pul belgisi dizayni va namunasi tasdiqlangan yil;
- davlat gerbi yoki davlat bayrogʻi tasviri;
- qalbakilashtirishdan himoyalovchi elementlar.
Yoʻriqnomaga koʻra, pul belgilarining dizaynida Oʻzbekiston tarixi, milliy madaniyati, qadriyatlari, buyuk allomalar va mamlakatimiz yutuqlarini aks ettiruvchi tasvirlardan foydalaniladi. Pul belgilaridagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yoziladi. Bundan tashqari, pul belgilari inson salomatligi uchun xavfsiz xomashyolardan tayyorlanishi va zamonaviy himoya elementlariga ega boʻlishi kerak.
Ushbu qaror 2027-yil 19-fevraldan boshlab kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ