Fitch O‘zbekistondagi davlat banklarini xususiylashtirish 2028-yilgacha kechikishi mumkinligini bildirdi
Agentlik SQB va Asakabankni sotishdan oldin qo‘shimcha tayyorgarlik ishlari zarurligini ham qayd etdi
Фото: Kapital.uz
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonda davlat banklarini xususiylashtirish istiqbollariga baho berdi. Agentlikning 19-noyabr kuni e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, jarayon dastlab belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt olishi mumkin.
Fitch so‘nggi ikki yilda bank sektoridagi islohotlar jadallashgani va buning natijasida uning o‘rta muddatli istiqbollari yaxshilanganini ta’kidlagan. Biroq aktivlar sifati bilan bog‘liq muammolar va chakana kreditlash portfelining yetarlicha shakllanmagani davlat banklarini xususiylashtirish jarayonidagi asosiy xatarlar sifatida ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida 2027-yildan boshlab beshta davlat bankini sotish va xususiylashtirish jarayonini 2030-yil oxirigacha yakunlash belgilangan.
Hozirda SQB va Asakabankni xususiylashtirishga tayyorgarlik ishlari jadallashgan. Fitch Franklin Templeton va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) ishtiroki ushbu banklarning biznes modelini transformatsiya qilishga yordam berishini kutmoqda.
Shunga qaramay, agentlik har ikki bankni xususiylashtirish 2028-yilgacha kechiktirilishi mumkinligini bildirgan. Bunga ularni sotuvga chiqarishdan oldin qo‘shimcha tayyorgarlik ishlari talab etilishi sabab bo‘lishi mumkin.
Fitch, shuningdek, davlat banklarida aktivlar sifati bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratgan.
Xususan, ixtisoslashgan davlat banklari muammoli kreditlarni balansdan chiqargan. SQB va Asakabank esa 2025-yilda kreditlarni tasniflash talablarini kuchaytirgan. Natijada ushbu banklarning hisobotlarida kreditlarning qadrsizlanishi bo‘yicha zaxira ajratmalari hajmi oshgan.
Agentlik muammoli kreditlar bilan ishlash bo‘yicha keyingi choralar davlat banklarining aktivlar sifatini yaxshilashiga umid bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlarini xususiylashtirish doirasida yil oxirigacha “Turonbank”ning 98,9% aksiyasini ochiq savdolarga chiqarish rejalashtirilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ