“Turonbank” va boshqa yirik davlat aktivlari yil oxirigacha sotuvga chiqariladi

Xususiylashtirishdan yil oxirigacha kamida 14 trln so‘m daromad olish kutilmoqda

“Turonbank” va boshqa yirik davlat aktivlari yil oxirigacha sotuvga chiqariladi

O‘zbekistonda 2026-yil yakunigacha 100 trln so‘mlik davlat aktivlarini savdoga chiqarish va bundan kamida 14 trln so‘m daromad olish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezidentning 28-avgustdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-177-son farmonida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, davlat ishtirokidagi 85 ta korxona tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi. Avvalgi savdolarda sotilmagan 84 ta davlat aktivi esa boshlang‘ich narxi 1 mln so‘m etib belgilangan holda qayta auksionga chiqariladi.

Davlat aktivlarini sotib olish shartlari o‘zgaradi

Davlat aktivlarini xarid qilishda talab etiladigan avans to‘lovi 35% dan 15% gacha kamaytiriladi. Xaridor qolgan summani foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yirik aktivlar uchun ham qo‘shimcha imtiyozlar belgilanmoqda. Aktiv qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorga 25% chegirma beriladi.

Shuningdek, xaridor aktiv qiymatining 35% ini uch oy ichida to‘lagan taqdirda, qolgan mablag‘ni besh yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin. Qiymatning 50% ini olti oy ichida to‘lash sharti bilan qolgan summani yetti yilgacha foizsiz to‘lashga ham ruxsat beriladi.

Mazkur mexanizmlar davlat ishtirokidagi tijorat banklari balansidagi aktivlarni sotishda ham qo‘llanishi mumkin.

Auksionlarda yangi mexanizmlar joriy etiladi

Agar davlat aktivi uch oy davomida sotilmasa, uning narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llanadi. Ayrim aktivlar uchun “gibrid auksion” o‘tkazilishi mumkin. Bunda savdo jarayonida narxni dastlab pasaytirish, keyinchalik esa oshirish imkoniyati yaratiladi.

Yer uchastkalarini sotishda “tayyor paket” tamoyili joriy etiladi. Unga ko‘ra, xaridor uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishning texnik shartlari va zarur ruxsat beruvchi hujjatlar oldindan tayyorlanadi.

Farmonda yirik davlat oliy ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish ham nazarda tutilgan. Ularga xususiy investorlar va moliyaviy vositalarni jalb qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Qaysi davlat korxonalari sotiladi?

Yil oxirigacha “Turonbank”ning 98,9% aksiyasini ochiq savdolarga chiqarish rejalashtirilgan. Bankni xususiylashtirishga tayyorlash Iqtisodiyot va moliya vazirligiga topshirilgan. Bunda bankning xususiylashtirishga tayyorlik darajasi hamda xalqaro konsultantlar xulosalari inobatga olinadi.

Eslatib o’tamiz, fevral oyida “Turonbank” ning xususiylashtirish jarayonlari 2027-yilga qoldirilgandi.

Shuningdek, 100% davlat kapitaliga ega “Xalq Sug‘urta” sug‘urta kompaniyasini to‘liq xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.

Transport sohasida “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi”ning 90% ulushi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimidagi “Andijon mexanika zavodi”ning 100% ulushi sotuvga chiqariladi.

Bundan tashqari, quyidagi kompaniyalardagi davlat ulushlarini sotish rejalashtirilgan:

  • “UzExpoCentre” — 91,83%;
  • “Xalqaro hamkorlik markazi” (“Bodomzor” metro bekati yaqinidagi Xalqaro biznes markazi) — 79,27%;
  • “KO-UNG CYLINDER” — 54,76%;
  • “Kor-UNG Investment” — 50%;
  • “V-GEN BIOPHARMA” — 50%;
  • “Inno Texnopark” — 100%;
  • “Ustudy” — 50%;
  • “O‘zbek-Turk Test Markazi” — 51%.

Xalqaro hamkorlik markazi va “UzExpoCentre”ni xususiylashtirish uchun alohida shartlar belgilangan. Ular Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan konsepsiya va sotuv shartlari asosida xususiylashtiriladi.

Ro‘yxatga “Trastbank”dagi davlat ulushi ham kiritilgan. Biroq davlatning bankdagi ulushi atigi 0,001 foizni tashkil etadi. Mazkur aksiyalar paketini alohida baholamasdan, birja kotirovkasi bo‘yicha sotishga ruxsat berilgan.

Yo‘l va bozor korxonalari ham xususiylashtiriladi

Xususiylashtirish jarayoni yo‘l xo‘jaligi korxonalarini ham qamrab oladi. “Davlat Avtomagistral” unitar korxonasi, shuningdek, avtomobil yo‘llarini qurish, foydalanish va saqlash bilan shug‘ullanuvchi qator hududiy korxonalardagi davlat aksiyalari va ulushlari sotuvga chiqariladi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish ro‘yxatiga savdo obyektlari ham kiritilgan. Jumladan, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi dehqon bozorlari hamda savdo majmualaridagi davlat ulushlarini sotish rejalashtirilmoqda.

Mazkur obyektlarning aksariyatida davlat nazorat paketiga ega.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Humo Air” qayta xususiylashtirishga chiqariladi
/
“Humo Air” qayta xususiylashtirishga chiqariladi
Litsenziya talablari buzilgani haqida xabar berganlarga jarimaning 10%i to‘lanadi
/
Litsenziya talablari buzilgani haqida xabar berganlarga jarimaning 10%i to‘lanadi
“O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni sutkasiga 4,36 mln kub metrga oshirishni rejalashtirmoqda
/
“O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni sutkasiga 4,36 mln kub metrga oshirishni rejalashtirmoqda