Saida Mirziyoyeva Serjio Gor bilan AQSH aviatashuvchi kemasiga chiqdi
Bu ulkan kema tuzilishi, noyob texnologiyalari bilan tanishish va ekipaj a’zolarining faoliyatini kuzatish o‘zgacha taassurot qoldirdi, deydi Saida Mirziyoyeva
Foto: Saida Mirziyoyeva Telegram sahifasi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan birga Hindiston sohillari yaqinida dunyoning eng yirik aviatashuvchi kemalaridan biri – USS George Washingtonga chiqdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Bu ulkan kema tuzilishi, noyob texnologiyalari bilan tanishish va ekipaj a’zolarining faoliyatini kuzatish o‘zgacha taassurot qoldirdi, – deydi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, USS George Washington (CVN-73) — AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Nimits toifasidagi yadroviy aviatashuvchi kemasi. 1992 yilda foydalanishga topshirilgan ushbu kema «suzuvchi shahar» deb ataladi: uning uzunligi 333 metrni tashkil etadi, bortiga 90 tagacha samolyot va vertolyotni sig‘dira oladi hamda 5 500 dan ortiq ekipaj a’zosi xizmat qiladi.
U ikkita yadro reaktori yordamida harakatlanadi va yoqilg‘i quymasdan 20–25 yil davomida suzishi mumkin.
Hozirda ushbu kema Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro hamkorlik missiyalarini bajarmoqda.


Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ