Toshkent markazida City Palace o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklif qilindi
Loyiha 540 ta xona va kongress-markazni o‘z ichiga oladi, biroq mutasaddilar poytaxt bosh rejasida belgilangan qavatlilik cheklovlarini eslatdi
Toshkent markazidagi amaldagi 17 qavatli City Palace Hotel mehmonxonasi o‘rnida 540 ta xonaga ega 41 qavatli mehmonxona majmuasi va kongress-markaz qurish taklif etildi. Loyiha 23-noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirokida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida muhokama qilindi.
City Palace Hotel bosh menejerining ma’lum qilishicha, kompaniya Toshkentda sayyohlarni qabul qilish va xalqaro tadbirlar o‘tkazish imkonini beradigan yangi mehmonxona majmuasi loyihasini tayyorlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha tayyor, qurilishni boshlash uchun esa tegishli qavatlilikka ruxsat olish talab etiladi.
Muhokama davomida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov baland bino Amir Temur xiyobonidagi haykal ko‘rinishini to‘sib qo‘yishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Loyiha vakili esa yangi bino yodgorlik ko‘rinishini to‘smasligini ta’kidladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev binolarning ruxsat etilgan maksimal qavatliligi Toshkentning tasdiqlangan bosh rejasi bilan belgilanishini va investorlarning individual murojaatlari asosida o‘zgartirilmasligini eslatdi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-dekabrdagi 880-sonli qarori bilan poytaxtning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlangan. Uchrashuvda tegishli idora vakili muhokama qilinayotgan hududda yetti qavatgacha bo‘lgan binolar qurishga ruxsat berilganini ma’lum qildi.
Loyiha vakilining aytishicha, kompaniya hali Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining rasmiy xulosasini olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir oy avval hukumat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda kompaniyaga javob berilishi va’da qilingan, biroq hozirgacha xulosa taqdim etilmagan.
Avval investorga yaqin atrofda joylashgan, taxminan 21 qavatli InterContinental Tashkent mehmonxonasiga mos balandlikdagi master-reja ishlab chiqish taklif qilingan. Urbanizatsiya qo‘mitasi yangi bino ushbu mehmonxonadan baland bo‘lmagan taqdirda loyihani ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.
Shu bilan birga, Jamshid Xo‘jayev loyihani ko‘rib chiqish uning ma’qullanganini anglatmasligini ta’kidladi. U vakolatli idoralarga investorga ruxsat etilgan qavatlilikni ko‘rsatgan holda rasmiy javob tayyorlashni topshirdi.
Charvoqdagi Mercure mehmonxonasi loyihasi
Uchrashuvda City Palace Hotel bosh menejeri Charvoq suv ombori hududida turizm loyihasini amalga oshirish rejalari haqida ham ma’lumot berdi.
10 gektar maydonda xalqaro Accor mehmonxonalar guruhi tarkibidagi Mercure brendi ostida 150 xonali mehmonxona va 60 ta alohida villa qurish ko‘zda tutilgan. Loyiha qishki va yozgi dam olish, jumladan, plyaj tashkil etish imkoniyatlarini ham qamrab oladi. Kompaniya qurilish uchun ruxsat olishni ham rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasida poytaxt hududi konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan. Qurilish zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda yangi binolarning qavatliligiga cheklovlar joriy etiladi.
2026-yil fevral oyida hukumat bosh rejaga umumiy qiymati $16,2 mlrd dan ortiq bo‘lgan 31 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ham o‘zgartirishlar kiritgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ