Turonbank Chori Mirzayev bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan yana bayonot berdi
Bank Kuzatuv kengashi boshqaruv uzluksizligini ta’minlash va mijozlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini bildirdi
Foto: Kapital.uz
Turonbank boshqaruvi raisi Chori Mirzayev yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bank matbuot xizmati ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, faoliyat odatiy tartibda davom etayotganini ma’lum qildi.
Kun.uz 20-noyabr kuni o‘z manbalariga tayanib, Chori Mirzayev Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ushlanganini xabar qildi. Nashr manbasi uning yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanayotganini tasdiqlagan. Mirzayev 2016-yil 23-sentabrdan buyon Turonbank boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Bank matbuot xizmati dastlabki bayonotida so‘nggi kunlarda boshqaruv raisi bilan bog‘liq xabarlar jamoatchilikda savollar tug‘dirishi mumkinligini tushunishini bildirdi.
Unda yangi tarkibda shakllantirilgan Kuzatuv kengashi yuzaga kelgan vaziyatni faol o‘rganayotgani va uning bank faoliyatiga ehtimoliy ta’sirini doimiy baholab borayotgani ma’lum qilindi.
Kuzatuv kengashi o‘z vakolatlari doirasida bank boshqaruvi uzluksizligini ta’minlash, mijozlar, omonatchilar va ishbilarmon hamkorlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rayotganini bildirdi.
Bank xizmatlari uzluksiz ko‘rsatilayotgani, mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar belgilangan tartibda bajarilayotgani ta’kidlandi. Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, boshqaruv uzluksizligini saqlash va risklarni samarali boshqarish Kuzatuv kengashining asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Shuningdek, Kuzatuv kengashi yuzaga kelgan vaziyat xolisona baholanayotganini va o‘z vakolatlari doirasida vakolatli organlar bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.
Bank mijozlar, hamkorlar va keng jamoatchilik uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan muhim qarorlar haqida rasmiy axborot kanallari orqali o‘z vaqtida ma’lumot berib borishini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ