O‘zbekistonda muammoli kreditlar 24 trln so‘mdan oshdi
Tijorat banklarining kredit portfelida muammoli qarzlar ulushi 3,7% ni tashkil etadi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekiston tijorat banklarining jami kredit portfeli 2026-yil 1-sentabr holatiga 648,95 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 24,02 trln so‘mi muammoli kreditlar (NPL) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Davlat ulushi mavjud banklarning kredit portfeli 421,46 trln so‘m, muammoli kreditlari esa 16,55 trln so‘mga teng bo‘lgan. Ushbu banklarda NPL ulushi 3,93% ni tashkil etgan.
Boshqa banklarning jami kreditlari 227,48 trln so‘m, muammoli kreditlari 7,48 trln so‘mga yetgan. Bu guruhda NPL ulushi 3,29% ni tashkil qilgan.
Shunday qilib, davlat ulushi mavjud banklar jami kredit portfelining qariyb 65% ini egallagan. Shu bilan birga, barcha muammoli kreditlarning qariyb 69%i ham ushbu banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Eng ko‘p muammoli kredit qaysi banklarda?
Muammoli kreditlarning mutlaq hajmi bo‘yicha Agrobank birinchi o‘rinda turibdi. Bankning NPL hajmi 3,21 trln so‘mni tashkil etgan. O‘zmilliybankda bu ko‘rsatkich 3,17 trln so‘mga teng.
Keyingi o‘rinlarda Mikrokreditbank — 2,14 trln so‘m, O‘zsanoatqurilishbank — 1,80 trln so‘m, Asakabank — 1,71 trln so‘m va Xalq banki — 1,56 trln so‘m bilan qayd etilgan.
Biznesni rivojlantirish bankida muammoli kreditlar 1,53 trln so‘mga yetgan. Kapitalbankda bu ko‘rsatkich 1,15 trln so‘m, Ipoteka-bank va Anorbankda esa qariyb 1,11 trln so‘mdan iborat.
Biroq muammoli kreditlarning mutlaq hajmi banklar faoliyatini taqqoslash uchun yetarli emas. Buning uchun NPLning jami kredit portfelidagi ulushini ham hisobga olish lozim.
NPL ulushi eng yuqori banklar
Kredit portfelidagi muammoli qarzlar ulushi bo‘yicha TBC bank eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Bankning 7,72 trln so‘mlik kredit portfelidan 1,03 trln so‘mi muammoli kreditlardan iborat. Bu jami kreditlarning 13,37 foiziga teng.
Poytaxt bankda NPL ulushi 13,18% ni tashkil etgan. Bankning jami kreditlari 708,78 mlrd so‘m, muammoli kreditlari esa 93,40 mlrd so‘mga teng.
Madad Invest bankda muammoli kreditlar ulushi 10,04% bo‘lib, ularning hajmi 58,54 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, Mikrokreditbankda NPL ulushi 9,2%, Anorbankda 8,76% va AVO bankda 6,84% ga teng bo‘lgan.
Biznesni rivojlantirish bankida bu ko‘rsatkich 5,85% ni, Tenge bankda 4,89% ni, Ziraat Bank Uzbekistan’da 4,79% ni, Asakabankda 4,37% ni va Xalq bankida 4,15% ni tashkil etgan.
Qaysi banklarda muammoli kreditlar ulushi eng past?
KDB Bank O‘zbekiston va Octobankda muammoli kreditlar mavjud emasligi qayd etilgan.
Apex bankda NPL hajmi 1,81 mlrd so‘m yoki jami kreditlarning 0,05 foizini tashkil etgan. Uzum bankda esa muammoli kreditlar 53,7 mln so‘mga teng bo‘lib, kredit portfelining qariyb 0,015 foizini tashkil qilgan.
Openbankda muammoli kreditlar hajmi 3,31 mlrd so‘m, Tayanch mikromoliya bankida esa 843,7 mln so‘m bo‘lgan. Ularning kredit portfelidagi ulushi mos ravishda 0,46% va 0,56% ni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ