O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar sotuvga chiqarildi

Kolleksiyadagi tangalar 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan zarb etilgan bo‘lib, ularning har biri 31,1 gramm og‘irlikda

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar sotuvga chiqarildi

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan esdalik oltin va kumush tangalar to‘plamini sotuvga chiqardi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Uchta tangadan iborat kolleksiya Oʻzbekistonning milliy davlatchiligi, tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyot gʻoyalarini yagona badiiy konsepsiyada aks ettiradi. Kolleksiyadagi har bir tanga mustaqillik davrining muhim ramzlari va qadriyatlarini oʻziga xos kompozitsiya orqali ifodalaydi.

Kolleksiyaning birinchi tangasida xalqimizning ozodligi, milliy gʻururi va mustaqil davlatchiligi timsoli sifatida Mustaqillik monumenti tasvirlangan. Monument ortidan taralayotgan quyosh nurlari istiqlol bergan imkoniyatlar va yorugʻ kelajak ramzi sifatida talqin etilgan. Tanganing revers qismida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi va uning qabul qilingan sanasi – 1991-yil.

18-noyabr aks ettirilgan. Mazkur badiiy yechim davlat ramzlarining mamlakat hayotidagi yuksak oʻrnini ifodalaydi.

Ikkinchi tanga Oʻzbekistonning tarixiy va maʼnaviy merosiga bagʻishlangan. Uning avers qismida Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasvirlangan. Mazkur meʼmoriy obraz mamlakatimizning jahon ilm-fani, maʼnaviyati va islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini ifodalaydi. Tanganing revers qismida Davlat gerbi va uning qabul qilingan sanasi – 1992-yil 2-iyul aks ettirilgan. Kompozitsiya davlat suvereniteti, milliy birlik va mustahkam davlatchilik gʻoyalarini mujassam etadi.

Kolleksiyaning uchinchi tangasida “35” raqami asosiy kompozitsion element sifatida aks ettirilgan. Uning nafis va zamonaviy talqini mustaqillikning bardavomligi hamda tarixiy masʼuliyatning yangi avlodlarga oʻtishini ifodalaydi. Revers qismida Davlat madhiyasidan olingan “Olamni mahliyo aylagan diyor!” satri va madhiyaning qabul qilingan sanasi – 1992-yil 10-dekabr aks ettirilgan. Dizaynda milliy oʻziga xoslikni ifodalash uchun doʻppi naqshlaridan ham foydalanilgan.

Esdalik tangalari 999,9 asillikdagi oltin (Au) va kumushdan (Ag) zarb etilgan boʻlib, har bir tanganing ogʻirligi 31,1 gramm, nominal qiymati esa 100 ming soʻmni tashkil etadi. Tangalar uch donadan iborat kolleksiya toʻplami koʻrinishida, shuningdek, kolleksiyadagi tangalar har biri alohida holda sotuvga chiqariladi.

Oltin esdalik tangalarining dastlabki tiraji 450 dona, kumush tangalarning dastlabki tiraji esa 800 donani tashkil etadi. Ularning tiraji bozor ehtiyojidan kelib chiqib oshirilishi mumkin.

Esdalik tangalari Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yillik tarixini milliy davlatchilik, tarixiy xotira va zamonaviy taraqqiyot gʻoyalari uygʻunligida aks ettiradi. Kolleksiya milliy tarix va madaniyatga qiziquvchilar, shuningdek, mustaqillik tarixini oʻzida mujassam etgan noyob esdalik buyumlarini qadrlovchilar uchun moʻljallangan.

Esdalik tangalari 27-avgustdan boshlab 690 ta tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqariladi. Sotuv narxlari va banklardagi mavjudlik boʻyicha yangilangan maʻlumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti har kuni eʻlon qilib boriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank: O‘zbekiston kapital harakatini liberallashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqdi
/
Markaziy bank: O‘zbekiston kapital harakatini liberallashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqdi
Toshkentning uch tumanida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshiriladi
/
Toshkentning uch tumanida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshiriladi
“O‘zbekneftgaz” kreditlarni qayta moliyalashtirish hisobiga 219 mlrd so‘m tejadi
/
“O‘zbekneftgaz” kreditlarni qayta moliyalashtirish hisobiga 219 mlrd so‘m tejadi