Xususiy korxonalarga $200 minggacha xorijga ruxsatsiz investitsiya kiritishga ruxsat berildi
Shuningdek, jismoniy shaxslar yiliga $10 minggacha, davlat ishtirokidagi korxonalarga esa $100 minggacha investitsiya kirita oladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank boshqaruvining “Kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi tartib kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarini soddalashtirish, ularni raqamlashtirish hamda rezidentlarning chet elga investitsiya kiritish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, jismoniy shaxslar bir kalendar yili davomida $10 minggacha miqdorda chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Bunda oldindan alohida ruxsat olish talab etilmaydi.
Shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning sho‘ba tashkilotlari yiliga $100 minggacha, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar esa $200 minggacha miqdorda chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning sho‘ba tashkilotlariga xorijdagi filial va vakolatxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun yiliga $50 minggacha, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalarga esa $100 minggacha mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat berildi.
Markaziy bank amaldagi jurnal shaklida hisob yuritish amaliyotidan ham voz kechmoqda. Endilikda kapital harakati operatsiyalari bo‘yicha hisob “Valyuta operatsiyalarini hisobini yuritish” axborot tizimida raqamli shaklda yuritiladi.
Natijada rezidentlar bunday operatsiyalarni faqat asosiy hisobvarag‘i ochilgan bank orqali emas, balki belgilangan tartibda istalgan xizmat ko‘rsatuvchi bank orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi tartibga muvofiq, kapital harakati operatsiyalari shartlariga kiritilgan o‘zgartirishlar qo‘shimcha kelishuv bilan rasmiylashtirilib, 10 kun ichida bankka taqdim etilishi lozim.
Shuningdek, rezidentlar chet eldagi investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi bankka taqdim etadi. Banklar esa ushbu ma’lumotlarni umumlashtirib, Markaziy bankka yuboradi.
Bundan tashqari, Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi PF–254-son farmoniga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan xorijdagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirish faqat litsenziyaga ega investitsiya vositachilari orqali amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ