O‘zbekistonda qurilish kompaniyalari 2029-yilgacha maxsus texnika importida bojxona bojidan ozod etiladi

Imtiyoz mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya uskunalari va asboblariga tatbiq etiladi

O‘zbekistonda qurilish kompaniyalari 2029-yilgacha maxsus texnika importida bojxona bojidan ozod etiladi

O‘zbekistonda qurilish sohasiga oid yangi qoidalar tasdiqlandi. Ular qatorida 50 yildan ortiq foydalanilayotgan turar joylardagi xonadonlarning ichki rejasini o‘zgartirishni cheklash, kommunal tarmoqlarga ulanish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qurilish texnikasi importiga bojxona imtiyozlari berish nazarda tutilgan. Bu haqda prezidentning Lex.uz portalida e’lon qilingan farmonida so‘z boradi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab yangi obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “bitta ariza — bitta to‘lov — barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Suv, gaz va elektr ta’minoti korxonalarining mavjud quvvatlari haqidagi ma’lumotlar “Raqamli hukumat” platformasidagi geoinformatsion bazaga integratsiya qilinadi.

Mazkur tizim Toshkent shahrida 2026-yil oxirigacha, boshqa hududlarda esa 2027-yil yakuniga qadar joriy etilishi rejalashtirilgan. Natijada elektron bosh rejalarga ega aholi punktlarida texnik shartlarni berish jarayoni avtomatlashtiriladi va inson omilisiz amalga oshiriladi.

Qurilish obyektlarini barpo etish jarayonida shakllantiriladigan barcha ijro hujjatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, qog‘oz hujjatlardan voz kechiladi.

Shuningdek, pudrat tashkilotlari ustidan nazorat kuchaytiriladi. Agar qurilish kompaniyasi kafolat muddati davomida inspeksiya aniqlagan kamchiliklarni bartaraf etmasa, uning reytingidagi o‘rni jarima ballari hisobiga pasaytiriladi.

2029-yil 1-iyulgacha maxsus qurilish texnikasi, o‘lchov asboblari hamda inshootlarni tekshirish uchun mo‘ljallangan va mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya uskunalarini import qiluvchi pudratchi va loyihachi tashkilotlar bojxona bojidan ozod etiladi.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladigan maxsus texnik vositalar ro‘yxatini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Hujjatga ko‘ra, foydalanishga topshirilganiga 50 yildan oshgan turar joy binolaridagi xonadonlarning ichki rejasini o‘zgartirish qat’iy cheklanadi. Faqat yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni mustahkamlashga qaratilgan ishlar bundan mustasno bo‘ladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tarkibida Shaharsozlik sohasida iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish respublika markazi tashkil etiladi. Markaz “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” platformasini yuritish, qurilish qiymatini hisoblashning raqamli usullarini joriy etish hamda qurilish materiallari bozorini muntazam monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab yangi obyektlarni loyihalash va qurishni bir vaqtning o‘zida olib borish amaliyoti bekor qilinadi. Tajriba tariqasida qurilish-montaj ishlari bosqichma-bosqich ishlab chiqiladigan loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu tartib xususiy kapital va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarga tatbiq etiladi, biroq ko‘p qavatli uy-joylar qurilishiga nisbatan qo‘llanmaydi.

Davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarda mazkur yondashuvni qo‘llash uchun prezident yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarori talab etiladi. Qurilish ishlari esa har bir bosqich bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilib, nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyingina boshlanishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Malik Avazov Mikrokreditbank boshqaruv raisi etib tayinlandi
/
Malik Avazov Mikrokreditbank boshqaruv raisi etib tayinlandi
Uzbekistan Airports Farg‘ona aeroportidagi uchta tijorat obyektini ijaraga qo‘ydi
/
Uzbekistan Airports Farg‘ona aeroportidagi uchta tijorat obyektini ijaraga qo‘ydi
Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan turistlar oqimi 30% dan ko‘proqqa oshdi
/
Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan turistlar oqimi 30% dan ko‘proqqa oshdi