O‘zbekistonda 2028-yilgacha parrandachilikni rivojlantirishga $432 mln yo‘naltiriladi
Bu investitsiyalar hisobiga qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish rejalashtirilgan
Avvalroq Kapital.uz xabar berganidek, Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha rejalari bilan tanishdi.
Prezident chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda aholi xonadonlari va chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hozirda respublikaning 191 ta tumanida chorvachilikka ixtisoslashgan 2,4 mingta mahalla mavjud bo‘lib, ularda 3,9 mln kishi istiqomat qiladi.
Xonadonlar samaradorligini oshirish maqsadida aholini naslli chorva mollari bilan ta’minlash, sigirlarni sun’iy urug‘lantirishni kengaytirish, yem-xashak va veterinariya xizmatlarini yaxshilash, naslli buzoqlarni identifikatsiya qilish hamda subsidiya ajratish taklif etildi. Ushbu choralar chorva bosh sonini ko‘paytirish, mahsuldorlikni oshirish va aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishi kutilmoqda.
Naslchilik yo‘nalishida 13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan xo‘jaliklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, har yili 500 ming bosh sigirni yuqori sifatli naslli material yordamida sun’iy urug‘lantirish va embrion transplantatsiyasi texnologiyalarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Chorvadorlar uyushmasini tashkil etish taklif qilindi. Yangi tuzilma soha vakillarining manfaatlarini himoya qilish, kooperatsiyani rivojlantirish, naslchilik ishlari, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish hamda mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashadi.
Prezidentga Smart Fermer yagona raqamli platformasi ham taqdim etildi. Mobil ilova orqali fermerlar va tomorqa egalari chorva mollarini identifikatsiya qilishi, veterinariya mutaxassislarini chaqirishi, sun’iy urug‘lantirish, oziqlantirish va yaylovlarni boshqarish bo‘yicha tavsiyalar olishi, subsidiyalar uchun ariza topshirishi hamda sun’iy intellekt asosidagi maslahat xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Parrandachilik sohasida umumiy qiymati $432 mln bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu investitsiyalar hisobiga 2028-yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlarini 3,3 mln tonnagacha oshirish hamda zamonaviy so‘yish tizimlari qamrovini 20%dan 50%gacha kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga loyihalarning iqtisodiy samaradorligini batafsil tahlil qilish, ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ta’minlash, raqamli hisob va monitoring tizimlarini joriy etish hamda ichki bozorni sifatli va hamyonbop go‘sht hamda sut mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ