Buxoroda $300 mlnlik yangi aeroport qurilmoqda
Aeroport bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyot va 1,2 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi
Buxoroda qiymati $300 mln bo‘lgan yangi xalqaro aeroport qurilmoqda. Uning infratuzilmasi bir vaqtning o‘zida 20 ta havo kemasi va 1,2 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aeroportni shahar markazi bilan bog‘lash uchun 24 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li qurilmoqda. Bundan tashqari, avtobuslarning tezkor harakatlanishi uchun 5,5 km uzunlikdagi BRT yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev aeroport va unga olib boruvchi yo‘l qurilishini Mustaqillik bayramiga qadar yakunlash vazifasini topshirdi. Yangi infratuzilma hududning transport imkoniyatlarini kengaytirishi va kelayotgan sayyohlar uchun sharoitlarni yaxshilashi kutilmoqda.
Buxoroning xalqaro aviaqatnovlari geografiyasi kengaytiriladi
Aeroport infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish ham rejalashtirilgan. Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi Buxoroga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda.
Kelgusi yilda Malayziya, Indoneziya, Quvayt, Misr va Bahrayn bilan aviaqatnovlarni tashkil etish topshirilgan.
Shuningdek, sayyohlar oqimini oshirish rejalashtirilgan. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda Buxoro viloyatiga 3,5 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyuradi. Keyinchalik bu ko‘rsatkichni ikki barobarga oshirish mo‘ljallangan.
Buning uchun Eski shahar, “Yetti pir”, Chor-Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze tarixiy majmualarini yagona turizm konsepsiyasi doirasida birlashtirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Gulchorbog‘ mahallasida 50 gektar maydonda qiymati $80 mln bo‘lgan turizm markazi tashkil etiladi. Uning tarkibidan ko‘rgazmalar zali, amfiteatr va mehmonxonalar o‘rin oladi.
Jalol Ikromiy mahallasida xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun qiymati $60 mln bo‘lgan kongress-xoll qurilmoqda. Uning yonida Hilton va Holiday Inn brendlari ostida ikkita yetti qavatli mehmonxona barpo etilmoqda.
Shuningdek, milliy va zamonaviy me’moriy yechimlar asosida markazdagi sakkizta ko‘chani yangilash hamda oltita sayilgoh qurish ko‘zda tutilgan.
Viloyat markazini kengaytirish doirasida Buxoro tumanida 1 ming gektar maydonda qiymati $500 mln bo‘lgan turistik klaster tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida sayyohlarning hududda o‘rtacha qolish muddatini 4–5 kungacha uzaytirish kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ