O‘zbekistonda lombardlar majburiyati aktivlaridan ko‘proq o‘sdi

Xususan, bunday tashkilotlarda aktivlar 44% ga oshgan bo'lsa, majburiyatlar 62% ga ko‘paygan

O‘zbekistonda lombardlar majburiyati aktivlaridan ko‘proq o‘sdi

2025-yil 1-oktabr holatida O‘zbekistondagi lombardlarning jami aktivlari 669,9 mlrd so‘mni tashkil etgan. 2026-yilning shu sanasiga kelib, bu ko‘rsatkich 965,3 mlrd so‘mga yetgan. Natijada bir yil ichida aktivlar 295,4 mlrd so‘mga yoki 44% ga oshgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Lombardlarning sof kreditlari hajmi ham ko‘paygan. 2025-yil 1-oktabrda 549,2 mlrd so‘mni tashkil etgan sof kreditlar 2026-yilning shu davrida 730,4 mlrd so‘mga yetgan. Bu bir yilda 33% lik o‘sishni anglatadi.

Shu bilan birga, so‘nggi bir oyda lombardlar aktivlari biroz kamaygan. 1-sentabr holatida 973,7 mlrd so‘m bo‘lgan jami aktivlar 1-oktabrga kelib 965,3 mlrd so‘mga tushgan. Ya’ni bir oyda 8,4 mlrd so‘m yoki 0,9% lik pasayish qayd etilgan.

Lombardlar majburiyatlari 62 foizga oshdi

2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi lombardlarning jami majburiyatlari 235,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 145,6 mlrd so‘m edi. Shunday qilib, majburiyatlar 89,6 mlrd so‘mga yoki 62 foizga ko‘paygan.

Majburiyatlar o‘sishida banklardan jalb qilingan mablag‘lar muhim o‘rin tutadi. Bir yil davomida lombardlarning banklardan olgan mablag‘lari 110,5 mlrd so‘mdan 189,3 mlrd so‘mga yetgan. Bu 71 foizlik o‘sish demakdir.

Taqqoslash uchun, shu davrda lombardlarning jami aktivlari 44 foizga, sof kreditlari esa 33 foizga oshgan. Demak, majburiyatlar o‘sish sur’ati aktivlar va sof kreditlar o‘sishidan yuqori bo‘lgan.

“Hurma Lombard” eng katta aktivlarga ega

2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda aktivlari 2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 70 ta lombard faoliyat yuritgan. Ularning jami aktivlari 941,5 mlrd so‘mni yoki sohadagi umumiy aktivlarning qariyb 97,5 foizini tashkil etgan.

Aktivlari 1 mlrd so‘mdan 2 mlrd so‘mgacha bo‘lgan 14 ta lombardning jami aktivlari 20,4 mlrd so‘mga teng. Yana 5 ta lombardning aktivlari 1 mlrd so‘mga ham yetmagan. Ularning jami aktivlari 3,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Lombardlar orasida “Hurma Lombard” 165,9 mlrd so‘mlik aktivlari bilan birinchi o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi “Hashamatli Chinor” aktivlaridan qariyb 2,4 baravar ko‘p.

Keyingi o‘rinlardan “Chinara Biznes Kredit” 63,6 mlrd so‘m, “Maximum” esa 48,3 mlrd so‘mlik aktivlari bilan joy olgan.

Bir yil ichida Hurma Lombard” aktivlari 68,2 mlrd so‘mdan 165,9 mlrd so‘mga, “Zoloto” aktivlari esa 12,5 mlrd so‘mdan 30,8 mlrd so‘mga yetgan. Har ikki lombardning aktivlari 2,4 baravardan ko‘proq oshgan.

Boshqa yirik lombardlarda ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Jumladan, “Jayron Kredit” aktivlari 65 foizga, “Maximum” 64 foizga, “Chinara Biznes Kredit” esa 60 foizga ko‘paygan. “Shokir Invest” aktivlarida esa bir yilda 19 foizlik o‘sish qayd etilgan.

Quyida aktivlari hajmi bo‘yicha eng yirik 10 ta lombard va ularning bir yillik o‘zgarishi keltirilgan.

Lombardlar kapitali bir yilda 205,8 mlrd so‘mga oshdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatida lombardlarning jami kapitali 730,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 524,4 mlrd so‘m edi. Shu tariqa, bir yilda kapital 205,8 mlrd so‘mga yoki 39 foizga oshgan.

Jami kapital tarkibidagi ustav kapitali ham 44 foizga ko‘payib, 227,2 mlrd so‘mga yetgan.

Kapital hajmi bo‘yicha ham “Hurma Lombard” 64,8 mlrd so‘m bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda “Hashamatli Chinor” 56,5 mlrd so‘m va “Chinara Biznes Kredit” 43,5 mlrd so‘mlik kapital bilan joylashgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda kreditlar va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari yaqin 3–4 yilda pasayishi mumkin
/
O‘zbekistonda kreditlar va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari yaqin 3–4 yilda pasayishi mumkin
Buxoroda $300 mlnlik yangi aeroport qurilmoqda
/
Buxoroda $300 mlnlik yangi aeroport qurilmoqda
Sherzod Shermatov 27 mln fuqaroning ma’lumotlari sizib chiqqani haqidagi xabarlarga izoh berdi
/
Sherzod Shermatov 27 mln fuqaroning ma’lumotlari sizib chiqqani haqidagi xabarlarga izoh berdi