Sherzod Shermatov 27 mln fuqaroning ma’lumotlari sizib chiqqani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Vazir, shuningdek, davlat va xususiy tashkilotlarni axborot tizimlaridagi zaifliklarni bartaraf etishga chaqirdi

Sherzod Shermatov 27 mln fuqaroning ma’lumotlari sizib chiqqani haqidagi xabarlarga izoh berdi

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 27 mln fuqaroning shaxsga doir ma’lumotlari sizib chiqqani ehtimoli haqidagi so‘nggi xabarlarga munosabat bildirdi. U “etikali xakerlar” deb atalmish Butterfly guruhi tomonidan keltirilgan sizib chiqish fakti va raqamni tasdiqlamadi, biroq shoshilinch choralar ko‘rilmasa, ma’lumotlar sizib chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Sun’iy intellektni rivojlantirishga sarmoya kiritar ekanmiz, u bilan bog‘liq tahdidlardan himoyalanishga ham tegishli mablag‘larni ajratish juda muhim. Agar bunday xarajatlarni SIni rivojlantirish uchun maqsadsiz deb hisoblasak, xavf-xatarlar faqat ortib boradi, — deya ta’kidladi vazir.

U yaqinda $6,3 mlrddan ortiq mablag‘ o‘g‘irlangan eng yirik Binance kriptobirjasi bilan bog‘liq hodisani eslatib o‘tdi, shuningdek, O‘zbekiston davlat organlarining kiberxavfsizlik mutaxassislarini “harakatsizlikda” ayblagan Butterfly guruhini qayd etdi.

Guruh o‘z bayonotida tizimlarni buzib kirmagani yoki ma’lumotlarni sizib chiqarmaganini, balki bunday harakatlarning imkoni borligini ko‘rsatishni maqsad qilganini ma’lum qilgan. “Oq” (jinoiy maqsadlarda harakat qilmaydigan) xakerlar avvalgi (rasmiy organlar tomonidan tasdiqlanmagan) sizib chiqish ma’lumotlarini to‘plab, Sherzod Shermatovning telefon raqamini e’lon qilgan.

Lekin hozir tarqalmadi degani, zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, ertaga bunday holat bo‘lmasligiga kafolat degani emas! — dedi vazir.

U 2020-yildan keyingi ma’lumotlar aks etgan Gemini grafikiga tayanib, sun’iy intellekt eskirgan axborot tizimlaridagi zaifliklarni aniqlashda katta o‘zgarish yasagani va aniqlanayotgan zaifliklar soni bir necha barobarga oshganini bildirdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbari barcha davlat, nodavlat va tijorat tashkilotlari o‘z tizimlaridagi zaifliklarni muntazam aniqlab, ularni o‘z vaqtida bartaraf etishlari zarurligini ta’kidladi.

Xavf-xatarlarning keskin ortishi munosabati bilan axborot tizimlarini yaratish va ekspluatatsiya qilish uchun mas’ul idoralar hamda kompaniyalar kiberxavfsizlikni qo‘shimcha moliyalashtirishni nazarda tutishi va tegishli mutaxassislarni tayyorlashi zarur, deb ta’kidladi Sherzod Shermatov.

U mutaxassislarga DXX Kiberxavfsizlik markazi va UzCERT xizmatining yangi aniqlangan zaifliklar haqidagi xabarlarini kuzatib borishni va o‘z tizimlarida ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rishni tavsiya qildi.

Shermatovning ta’kidlashicha, aks holda raqamlashtirish va sun’iy intellekt rivojlangani sari kiberxavfsizlikka tahdidlar ham ortib boraveradi.

Vazir kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib borishini qo‘shimcha qilib, sohaviy universitetlar ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga e’tibor qaratishlari lozimligini qayd etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Buxoroda $300 mlnlik yangi aeroport qurilmoqda
/
Buxoroda $300 mlnlik yangi aeroport qurilmoqda
O‘zbekistonda aholi sezgan inflyatsiya 9,2% gacha pasaydi
/
O‘zbekistonda aholi sezgan inflyatsiya 9,2% gacha pasaydi
Buxoro va Samarqand o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li quriladi
/
Buxoro va Samarqand o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li quriladi