O‘zbekistonda aholi sezgan inflyatsiya 9,2% gacha pasaydi
Oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromad oluvchilar narxlar o‘sishini 15,9% darajasida baholagan
Фото: Kapital.uz
Markaziy bank 2026-yil sentabr oyi yakunlari bo‘yicha aholi o‘rtasida o‘tkazilgan inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya yuzasidan so‘rov natijalarini e’lon qildi.
2 726 nafar respondent qatnashgan tadqiqotga ko‘ra, sentabr oyida aholi sezgan inflyatsiya darajasi avgust oyiga nisbatan 1,1% ga pasayib, 9,2% ni tashkil etdi.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxt aholisi sezgan inflyatsiya 11,9% ga yetgan.

Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 10,1%, Sirdaryo viloyati 10%, Surxondaryo viloyati 9,9%, Qashqadaryo viloyati 9,7% hamda Toshkent viloyati 9,4% bilan joylashgan.
Eng past ko‘rsatkich Namangan viloyatida 7,9% ni tashkil etgan. Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 8,1%, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida esa 8,5% dan qayd etilgan.
Aholi eng ko‘p go‘sht va sut mahsulotlari narxi oshganini sezgan
So‘rov ishtirokchilarining javoblariga ko‘ra, avgust–sentabr oylarida narxi eng ko‘p oshgan mahsulotlar qatorida go‘sht va sut mahsulotlari qayd etilgan. Respondentlarning 56 foizi ushbu toifadagi mahsulotlar qimmatlashganini bildirgan.

Shuningdek, ishtirokchilarning 53 foizi benzin va boshqa yoqilg‘i narxlari, 36 foizi esa elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshganini ta’kidlagan.
Narxlar o‘sishi yo‘lkira va tashish, kafe-restoran xizmatlari, qurilish materiallari, dori vositalari, tibbiy va ta’lim xizmatlari hamda ijara haqi bo‘yicha ham qayd etilgan.
Yuqori daromadli aholi inflyatsiyani ko‘proq sezmoqda
So‘rov natijalariga ko‘ra, sezilgan inflyatsiya darajasi respondentlarning daromad miqdoriga qarab ham farq qilgan.
Xususan, oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromad oladigan respondentlar orasida sezilgan inflyatsiya 15,9% ni tashkil etgan. Oylik daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi orasida esa bu ko‘rsatkich 7,7% ga teng bo‘lgan.
Faoliyat sohalari kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya pensionerlar, turizm va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari hamda davlat tashkilotlari xodimlari orasida qayd etilgan.
Eng past ko‘rsatkichlar esa kafe-restoranlar sohasi vakillari, talabalar va savdo sohasi xodimlari orasida kuzatilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ