Markaziy bank 2027-yilda inflyatsiyani 5% gacha pasaytirishni prognoz qilmoqda
Regulyator kelgusi yilda qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettiradi, inflyatsiya pasaysa, stavka yumshatilishi mumkin
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 4-noyabrdagi yig‘ilishida pul-kredit siyosatining 2027-yil va 2028–2029-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini tasdiqladi.
Hujjatda regulyatorning o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlari, ehtimoliy xatarlar, inflyatsiyani 5% lik maqsadli ko‘rsatkichgacha pasaytirish choralari va pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish rejalari aks etgan.
Markaziy bank pul-kredit siyosatini 2027-yil yakunida inflyatsiyani 5% lik target darajasiga tushirish maqsadidan kelib chiqib yuritadi. Asosiy stavka bo‘yicha qarorlar inflyatsiya prognozi, kutilmalar, yalpi talab va taklif nisbati, shuningdek, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlar asosida qabul qilinadi.
2027-yilda iqtisodiy o‘sish 7–7,5% bo‘lishi kutilmoqda
Markaziy bankning asosiy ssenariysiga ko‘ra, 2027-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7–7,5% ga, 2028–2029-yillarda esa 6,5–7,5% atrofida o‘sishi kutilmoqda.
Ushbu prognoz tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich muvozanatlashuviga asoslangan. Xususan, geosiyosiy mojarolarning faolligi pasayishi, neft narxlarining tushishi va asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotida mo‘tadil o‘sish davom etishi nazarda tutilgan.
Ichki iqtisodiyot bo‘yicha esa umumiy fiskal taqchillikning yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3% atrofida saqlanishi, kreditlash va ichki talab o‘sishining muvozanatlashuvi, tartibga solinadigan narxlar islohotlarining yakunlanishi hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi hisobga olingan.
Prognozlarga ko‘ra, umumiy inflyatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida 5% lik targetga tushadi. 2028–2029-yillarda esa ushbu daraja atrofida barqarorlashadi. Bazaviy inflyatsiyaning 2027-yilda 4–5% gacha pasayishi kutilmoqda.
Bunda energiya resurslari va kommunal xizmatlar tariflari oshishining bevosita ta’siri tugashi, qat’iy pul-kredit sharoitlari hisobiga ichki talabning muvozanatlashuvi, tashqi narx bosimining yumshashi va ichki ishlab chiqarish imkoniyatlarining kengayishi muhim omillar bo‘ladi.
Qat’iy pul-kredit siyosati davom ettiriladi
Asosiy ssenariyga ko‘ra, 2026–2027-yillarda pul-kredit sharoitlari qat’iy darajada saqlanadi. Markaziy bank 2027-yilda pul bozoridagi UZONIA stavkasining real hisobda 6–7% atrofida shakllanishini prognoz qilmoqda.
Bu ichki talab o‘sishini muvozanatlashtirish, inflyatsion kutilmalarni pasaytirish va milliy valyutadagi jamg‘armalar jozibadorligini saqlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Inflyatsiya maqsadli ko‘rsatkich atrofida barqarorlashib, narxlar bosimi pasayishi uchun yetarli sharoitlar yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich neytral darajaga yaqinlashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Biroq inflyatsion bosim kuchaysa yoki ikkilamchi ta’sirlar kutilganidan yuqori bo‘lsa, qat’iy pul-kredit sharoitlari uzoqroq muddat saqlanishi mumkin.
Markaziy bank inflyatsiyani oshirishi mumkin bo‘lgan xatarlarni baholadi
Konseptual loyihada asosiy prognozdan chetlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator tashqi va ichki xatarlar ham ko‘rib chiqilgan.
Ular qatoriga asosiy savdo hamkorlar valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi, neft va jahon oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi, shuningdek, bank tizimida raqobat kuchayishi hisobiga kreditlashning jadallashuvi kiritilgan.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu omillar yuzaga kelgan taqdirda, inflyatsiya asosiy ssenariydagidan yuqori bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda pul-kredit siyosati o‘zgargan makroiqtisodiy sharoitlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda asosiy maqsad inflyatsiyani o‘rta muddatli istiqbolda 5% lik targetga qaytarish bo‘ladi.
Islomiy banklar uchun yangi likvidlik instrumentlari ishlab chiqiladi
2027–2029-yillarda Markaziy bank pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish va uning iqtisodiyotga ta’sir mexanizmini kuchaytirishga e’tibor qaratadi.
Jumladan, pul-kredit siyosatining uzoq muddatli tamoyillari va ustuvor vazifalarini belgilash uchun alohida strategiya ishlab chiqiladi. Uni amaliyotga joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasi shakllantirilib, ijrosi muntazam kuzatib boriladi.
Shuningdek, bank tizimi likvidligini boshqarish va operatsion mexanizmni takomillashtirish, foiz koridorini qayta ko‘rib chiqish, garov aktivlariga nisbatan yagona mezonlarni joriy etish hamda UZONIA stavkasining pul bozoridagi benchmark rolini kuchaytirish rejalashtirilgan.
Islomiy banklar uchun shariat tamoyillariga muvofiq likvidlikni jalb qilish va taqdim etish instrumentlarini ishlab chiqish hamda joriy etish ishlari ham davom ettiriladi.
Bundan tashqari, makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi, jumladan, choraklik prognoz modeli modernizatsiya qilinadi. Muqobil ssenariylardan foydalanish kengaytiriladi.
Pul va moliya bozorlari infratuzilmasini rivojlantirish, derivativlar bozorini kengaytirish, foiz va valyuta xatarlarini xedjirlash instrumentlarini joriy etish hamda ichki valyuta bozori likvidligini oshirish ham ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiritilgan.
Markaziy bank pul-kredit siyosati bo‘yicha kommunikatsiya samaradorligini ham oshirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun alohida kommunikatsiya strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.
Unda asosiy stavka bo‘yicha qarorlarning sabablari, inflyatsiya prognozlari va xatarlari, iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarga regulyatorning munosabati hamda inflyatsion targetga erishish bo‘yicha hisobdorlik masalalari yoritiladi.
Pul-kredit siyosatining 2027-yil va 2028–2029-yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasi Markaziy bankning rasmiy saytida e’lon qilinadi. Hujjat bildirilgan takliflar asosida takomillashtiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ