O‘zbekistonda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun $463 mln yo‘naltiriladi
Shuningdek, fermerlar uchun “Smart Fermer” raqamli platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, aholi soni va turizm oqimining ortishi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Hozirda mamlakatda go‘shtga yillik ehtiyoj 2 mln 150 ming tonnani tashkil etsa, ishlab chiqarish hajmi 1 mln 600 ming tonna darajasida qolmoqda.
Shu munosabat bilan 2026–2028-yillarda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, faoliyat yuritmayotgan korxonalarni tiklash, chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali molxonalar qurish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Rejalarga ko‘ra, faoliyati to‘xtagan 103 ta chorvachilik korxonasi qayta ishga tushiriladi. Ularning qarzlari restrukturizatsiya qilinadi yoki 10 yil muddatga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi, yem-xashak yetishtirish uchun yer ajratiladi va naslli qoramollar bilan ta’minlanadi. Natijada 33 ming bosh qoramol parvarishlanib, yiliga 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqariladi.
Shuningdek, chorvachilikka ixtisoslashgan 13 ta tumanda 75 ming gektar yem-xashak maydonidan samarali foydalanish, kichik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, sut qabul qilish punktlari va ozuqa savdo shoxobchalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Aholi xonadonlarida esa 11 mingta yengil konstruksiyali molxona qurilib, ularda 421 ming bosh qoramol boqilishi ko‘zda tutilgan.
Umumiy qiymati 3 trln so‘mlik 802 ta loyiha doirasida 68 ming boshdan ortiq qoramol hamda 186 ming bosh qo‘y va echki parvarishlanadi. Bu loyihalar yiliga qo‘shimcha 20 ming tonna go‘sht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish imkonini beradi.
Taqdimotda Qoraqalpog‘istondagi chorvachilik komplekslari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilingani ham ma’lum qilindi. O‘rganilgan 20 ta kompleksning qarzi 109,6 mlrd so‘mni tashkil etib, ularning yarmi yuqori xavf toifasiga kiritilgan. Komplekslarning aksariyatida yem-xashak bazasi va zarur infratuzilma yetishmasligi aniqlangan.
Shu bois qarz yukini kamaytirish, yem-xashak bazasini shakllantirish, komplekslarni bosqichma-bosqich ishga tushirish hamda naslli chorva mollari bilan ta’minlash taklif etildi.
Bundan tashqari, Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y, Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol, Belarusdan esa 2 ming bosh qoramol olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkonini beradi.
Umuman, chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun $463 mln yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Prezidentga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada chorvachilikka ixtisoslashgan 2 407 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda 823 mingta xonadon va 3,9 mln nafar aholi istiqomat qiladi. Ushbu hududlarda aholiga arzon chorva mollari yetkazib berish, sigirlarni sun’iy urug‘lantirish, yem-xashak va veterinariya xizmatlarini yaxshilash, naslli buzoqlarni identifikatsiya qilish hamda subsidiya ajratish taklif etildi.
Naslchilikni rivojlantirish maqsadida 13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etish, yiliga 500 ming bosh sigirni sun’iy urug‘lantirish va embrion transplantatsiyasi texnologiyalarini keng joriy etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda O‘zbekiston chorvadorlar uyushmasini tashkil etish hamda fermerlar uchun “Smart Fermer” yagona raqamli platformasini ishga tushirish taklif qilindi. Mobil ilova orqali chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinariya xizmatlarini chaqirish, sun’iy urug‘lantirish, oziqlantirish, yaylovlarni boshqarish, subsidiyalar uchun murojaat qilish va sun’iy intellekt asosida maslahat olish imkoniyati yaratiladi.
Parrandachilik yo‘nalishida esa umumiy qiymati $432 mlnlik loyihalar amalga oshiriladi. Ular hisobiga 2028-yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, yem ishlab chiqarish quvvatini 3,3 mln tonnaga yetkazish hamda zamonaviy so‘yish tizimi qamrovini 20%dan 50%gacha oshirish rejalashtirilgan.
Yakunda davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish, mablag‘larni manzilli yo‘naltirish, raqamli hisob va monitoring tizimini joriy etish hamda ichki bozorni sifatli va hamyonbop chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ