Avtobusda yo‘lkira to‘lamagan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanadi
1-sentabrdan validator orqali to‘lov qilmagan yo‘lovchilar chiptasiz yurgan deb hisoblanadi
Foto: Kapital.uz
1-sentabrdan boshlab avtobusga chiqishda to‘lov qilmagan yo‘lovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi. Bu “Shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Hukumat qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, haydovchi bilan birga 60 kishi yoki undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan M3 toifadagi (III sinfga mansub bo‘lmagan) yangi transport vositalarini (avtobus/elektrobus yoki trolleybuslar) 2027-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasiga import qilishda utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Brutto-shartnoma asosida tashkil etilgan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida tushumlar to‘liqligini ta’minlash maqsadida, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi.
Yo‘lovchi tomonidan yo‘lkira haqi avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari (validatorlar) bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi:
- transport kartasini validatorga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
- bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFS, QR, Biomet, BLE, UWB va boshqa joriy etilayotgan texnologiyalar yordamida to‘lash);
- ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.
Yo‘lkira haqi mazkur bandda nazarda tutilgan usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmaganda (tasdiqlanmaganda), yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi. Jarima BHMning 1/10 qismi, ya’ni 41 200 so‘m etib belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ