Markaziy bank: O‘zbekiston kapital harakatini liberallashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqdi

Yo‘l xaritasi cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatishni nazarda tutadi

Markaziy bank: O‘zbekiston kapital harakatini liberallashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqdi

O‘zbekiston Markaziy banki kapital harakati hisobi bo‘yicha operatsiyalarni bosqichma-bosqich liberallashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasini ishlab chiqdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 10 yil avval O‘zbekiston iqtisodiyotni keng ko‘lamda liberallashtirishni boshlagan. Markaziy bank uchun asosiy yo‘nalishlardan biri valyuta bozorini isloh qilish bo‘lgan — joriy hisob operatsiyalariga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanib, valyutani erkin konvertatsiya qilish imkoniyati ta’minlangan.

Shu bilan birga, kapital harakati hisobi bo‘yicha operatsiyalar hali ham konservativ tarzda tartibga solinmoqda. Ishmetovning ta’kidlashicha, islohotlarning keyingi bosqichi ushbu yo‘nalishni yanada kengroq liberallashtirishga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat bo‘ladi.

Markaziy bank rahbari, shuningdek, joriy yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning valyuta rejimini erkin suzuvchi rejim sifatida qayta tasniflaganini ma’lum qildi. Kelgusi yilda hukumat inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichgacha pasaytirishni kutmoqda.

Ishmetov iqtisodiy islohotlarning dastlabki bosqichida inflyatsiya 20 foizgacha tezlashganini ta’kidladi. Bunga, jumladan, ma’muriy tartibga solinadigan narxlardan bozor narxlariga o‘tish sabab bo‘lgan. Islohotlar boshlanishidan avval davlat turli tovar va xizmatlar bozorlarida, jumladan valyuta va energetika bozorlarida narxlarni tartibga solgan.

Hukumat kapital harakatini liberallashtirishni bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston keyingi islohotlar ketma-ketligi bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan maslahatlashmoqda.

Markaziy bank tomonidan tayyorlangan yo‘l xaritasi hozirda idoralararo kelishuvdan o‘tkazilmoqda. Kelishuv yakunlangach, investorlar hukumatning keyingi qadamlarini oldindan tushunishlari uchun hujjatni e’lon qilish rejalashtirilgan.

Ishmetov birinchi bosqich sifatida institutlarni mustahkamlash, himoya mexanizmlarini yaratish va xatarlarni samarali boshqarishni ta’minlashni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlar uchun erkinlikni kengaytirish barqarorlikni saqlash choralarini ham o‘z ichiga olishi kerak.

Markaziy bank raisi kapital harakatini haddan tashqari tez liberallashtirish nomaqbul tebranishlarga olib kelishi va valyuta kursiga bosimni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidladi. Shu sababli cheklovlarni yanada yumshatish bunday xatarlarni boshqarish mexanizmlari yaratilganidan keyin amalga oshirilishi lozim.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar sotuvga chiqarildi
/
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar sotuvga chiqarildi
Toshkentning uch tumanida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshiriladi
/
Toshkentning uch tumanida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshiriladi
“O‘zbekneftgaz” kreditlarni qayta moliyalashtirish hisobiga 219 mlrd so‘m tejadi
/
“O‘zbekneftgaz” kreditlarni qayta moliyalashtirish hisobiga 219 mlrd so‘m tejadi