1-iyundan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

Yangi tartiblarga ko'ra, elektr energiyasi va gaz narxlari oshirilib, poytaxtning yangi aeroporti qurilishiga start beriladi

1-iyundan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

1-iyundan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar kuchga kiradi. Kapital.uz ushbu oydan joriy qilinadigan yangi qoidalarni bir yerga jamladi.

Elektr energiyasi va gaz tariflarining o‘zgarishi

Yoz boshidan mamlakatda jismoniy va yuridik shaxslar uchun yoqilg‘i-energetika resurslarining o‘zgartirilgan narxlari amal qiladi. Energiya resurslari qiymati har yili indeksatsiya qilinadi, narxlarning o‘sishi o‘rtacha 10% atrofida bo‘ladi. Aholi uchun elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan to‘lov stavkalari saqlab qolindi:

  • oyiga 200 kVt·soatgacha – 650 so‘m;
  • 201 dan 500 kVt·soatgacha – 900 so‘m;
  • 501 dan 1 ming kVt·soatgacha – 1 100 so‘m.

Chiqindilar hajmi va ularni saqlash joylarini qat’iy hisobga olish, shuningdek chang va yoqimsiz hidlarning tarqalishini cheklash bo‘yicha majburiy choralarni ko‘rish talab etiladi.

O‘rmon zonalarida noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlik

Qonunchilikda birinchi marta qo‘riqlanadigan o‘rmon hududlarini noqonuniy taqsimlash va qurish uchun alohida jazo belgilandi. Fuqarolar uchun ma’muriy jazo miqdori 20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 41,2 mln so‘mdan 82,4 mln so‘mgacha bo‘ladi. Shuningdek, yaylovlarni buzish va chorva mollarini ruxsatsiz boqish uchun jarimalar miqdori oshirildi.

Surxondaryoda agrozona

Surxondaryo viloyatida issiqxona xo‘jaliklariga ixtisoslashgan “Surxon-Agro” maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. 2027-yil yakuniga qadar majmualar maydoni qariyb 1 ming gektarga yetkazilishi kerak.

Investorlar uchun bir qator imtiyozlar ko‘zda tutilgan: 1-iyundan boshlab ikki yil davomida muhandislik kommunikatsiyalariga bepul ulanish, auksiondan so‘ng dastlabki besh yil davomida yer uchastkalari ijarasidan ozod etish hamda uch yil muddatga sug‘orish uchun yerosti suvlaridan foydalanganlik uchun to‘lovlarni bekor qilish shular jumlasidandir. Shuningdek, yaqin orada mahsulotlarni eksportga tayyorlash uchun taqsimot markazi quriladi.

O‘zbekistonda QQS va daromad solig‘iga o‘tish chegarasi 5 mlrd so‘mgacha oshiriladi

1-iyundan O‘zbekistonda kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mga oshiriladi. Ya’ni soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki ming baravari (4 mlrd 944 mln so‘m) etib belgilanadi.

Tadbirkorlarga QQSni hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish huquqi beriladi

1-iyundan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida:

  • qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6% etib belgilanadi;
  • foyda solig‘i stavkasi 0% etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
  • sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.
  • soliq solishning umumbelgilangan tartibida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha mavjud imtiyozlar, preferensiyalar va to‘langan soliqning bir qismini qaytarib berish tartibi qo‘llanmaydi, qo‘shilgan qiymat solig‘ining mavjud salbiy farq summasi hisobdan chiqariladi;
  • mazkur tartibdagi tadbirkorlik subyektlaridan tovarlar va xizmatlarni sotib olgan xaridorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.

Bojxona bojlari bo‘yicha yengilliklar

Tadbirkorlar bojlarni to‘lash muddatini 120 kungacha kechiktirishni rasmiylashtirishlari mumkin. Bunda majburiy garov summasi risklarni avtomatik tahlil qilish asosida kamaytiriladi. Yirik soliq to‘lovchilar va davlat korxonalari uchun deklaratsiyalarni qayta ishlashning avtomatik rejimi joriy etiladi. Chegarani kesib o‘tishdan oldin hujjatlarni oldindan topshirishda rasmiylashtirish uchun yig‘im 20% ga kamayadi. Bu choralar tovar ayirboshlashni tezlashtirishga qaratilgan.+

Xorijdan olib kiriladigan nasldor chorva QQSdan ozod qilinadi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyundan 2029-yil 1-avgustgacha xorijdan olib kiriladigan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 2026−2028-yillarda qoramollar sonini 16,5 mln boshga, qo‘y va echkilar sonini 30 mln boshga, parrandalar sonini esa 141 mln boshga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, nasldor qoramollar ulushini 90% ga yetkazish, go‘sht va sut mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasini 50% ga olib chiqish hamda ozuqabop ekinlar maydonlarini 1,5 baravarga kengaytirish maqsad qilingan.

Qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish bo‘yicha yangi qoidalar

Shuningdek, yoz boshidan boshlab obyektlarni buzish, rekonstruksiya qilish yoki yo‘l qoplamalarini yotqizishda hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish bo‘yicha yangilangan talablar amal qiladi. Buyurtmachilarga qurilish qoldiqlarini keyinchalik qayta ishlash yoki ko‘mish uchun topshirish majburiyati yuklatiladi. Loyiha hujjatlarida endilikda chiqindilarning miqdori va ularni joylashtirish joylari qat’iy belgilanishi, shuningdek, chang va yoqimsiz hidlarning tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha majburiy choralar ko‘rilishi shart.

O‘zbekiston suv va salqin ichimliklar uchun chet el raqamli markirovka kodlarini tan oladi

1-iyundan O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish joriy etiladi.

Hujjatga muvofiq, Soliq qo‘mitasi hamkor davlatlarning raqamli markirovka kodlarini O‘zbekiston hududida tan olish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. U axborot almashish talablarini belgilaydi, kodlar elektron hisobvaraq-faktura va cheklarda aks etadi. Ma’lumotlar “Asl belgisi” tizimida saqlanadi.

Markaziy bank tizimlarida ommaviy o‘tkazmalar

Regulyatorning to‘lov xizmatlarida paketli tranzaksiyalar funksiyasi joriy etiladi. Bu ish haqi to‘lovlari kabi ko‘plab o‘tkazmalarni bitta fayl orqali amalga oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, tijorat banklari uchun axborot xavfsizligi talablari kuchaytiriladi va IT-auditning yagona tartibi joriy qilinadi.

Sun’iy intellekt uchun axloqiy standartlar

Iyun oyidan boshlab fuqarolar huquqlarini himoya qilish va texnologiyalar shaffofligini ta’minlashga qaratilgan sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanish qoidalari joriy etiladi. Noto‘g‘ri ma’lumotlar yaratish va manipulyatsiya qilish uchun neyrotarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Dasturchilar foydalanuvchilarni tizimlar qanday ishlashi haqida xabardor qilishi shart bo‘ladi, sun’iy intellekt yaratgan barcha kontent esa maxsus belgi bilan markalanadi.

E-ekspertiza platformasini kengaytirish

Sud ekspertizalari uchun mo‘ljallangan elektron hujjat aylanishi tizimi Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri va barcha viloyatlar miqyosida joriy etiladi. Platforma sudlar, tergov organlari va ekspertiza muassasalarini o‘zaro bog‘laydi. Loyiha tadqiqotlarni tezlashtirish uchun sun’iy intellekt elementlaridan foydalanishni ham nazarda tutadi.

Import tartib-taomillarini optimallashtirish

Mamlakatga tovar olib kirishda karantin ruxsatnomasini olish talabi bekor qilinadi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchi xalqaro xavfsizlik sertifikatlariga (jumladan FSSC 22000 va IFS Food) ega bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari uchun sanitariya-epidemiologiya xulosasi ham talab etilmaydi. Mahsulot sifati uchun javobgarlik importyor zimmasiga yuklanadi.

Qadoqlangan suv va ichimliklarni markirovkalash

Hamkor davlatlar bilan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish mexanizmi ishga tushiriladi. Kodlarning haqiqiyligini tekshirishni Soliq qo‘mitasi “Asl Belgisi” tizimi orqali ta’minlaydi. Markirovka qonuniyligi tasdiqlanmaguncha bojxona organlari mahsulotlarni bozorga chiqarishni to‘xtatib turadi.

Poytaxtning yangi aeroporti qurilishi

Iyun oyida Yangi Toshkent yaqinida xalqaro aeroport qurilishi boshlanadi. Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha loyiha bitimini may oyi oxirigacha imzolash rejalashtirilgan.

Dastlabki bosqichda terminal va ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning quvvati yiliga 20 mln nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishni tashkil etadi. Aeroportni foydalanishga topshirish 2029-yilga mo‘ljallangan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Umidjon Hakimov “Ipak Yo‘li” banki boshqaruvi raisi etib tayinlandi
/
Umidjon Hakimov “Ipak Yo‘li” banki boshqaruvi raisi etib tayinlandi
1-iyundan kichik biznes uchun soliq chegarasi 5 baravar oshirilishi mumkin
/
1-iyundan kichik biznes uchun soliq chegarasi 5 baravar oshirilishi mumkin
Markaziy bank kapitalni xorijga chiqarish tartibini yengillashtiradi
/
Markaziy bank kapitalni xorijga chiqarish tartibini yengillashtiradi