1-iyundan kichik biznes uchun soliq chegarasi 5 baravar oshirilishi mumkin

Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari ixtiyoriy 6% lik QQS stavkasini to‘laganda foyda solig‘idan ozod etiladi

1-iyundan kichik biznes uchun soliq chegarasi 5 baravar oshirilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev kichik biznes subektlari faoliyati uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda kichik biznes uchun soddalashtirilgan soliq tizimidan foydalanish chegarasini 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mgacha oshirish taklif qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda kichik biznes subyektlari yillik tushumi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lsa, soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshgach esa qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi 1 mlrd so‘mlik limit 2019-yilda belgilangan. O‘tgan yillarda narxlar sezilarli oshgani sabab ayrim tadbirkorlar ushbu chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta subyektga bo‘lish amaliyotiga o‘tayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan 2026-yil 1-iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 5 mlrd so‘mgacha oshirish taklif qilindi.

Taqdimotda umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun QQS to‘lashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi ham ilgari surildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6% lik QQS stavkasini qo‘llab, foyda solig‘idan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu o‘zgarishlar kichik biznes uchun soliq hisoblash va to‘lash jarayonini soddalashtirish, ma’muriy yukni kamaytirish hamda aylanmalarni yashirish va biznesni sun’iy ravishda bo‘lish holatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

TXMMda istalgan valyutada bitimlar o‘tkazish va kriptovalyutadan foydalanishga ruxsat beriladi
/
TXMMda istalgan valyutada bitimlar o‘tkazish va kriptovalyutadan foydalanishga ruxsat beriladi
Farg‘onada $170 mlnlik elektrobus ishlab chiqarish loyihasiga start berildi
/
Farg‘onada $170 mlnlik elektrobus ishlab chiqarish loyihasiga start berildi
Ozarbayjonning eng yirik davlat banki ABB O‘zbekistondagi Davr Bank sotib olish jarayonlarini yakunladi
/
Ozarbayjonning eng yirik davlat banki ABB O‘zbekistondagi Davr Bank sotib olish jarayonlarini yakunladi