O‘zbekiston va Ozarbayjon 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazadi

Tomonlar, shuningdek, Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda investitsiyalar, turizm va madaniyat sohalaridagi qator kelishuvlarni imzoladi

O‘zbekiston va Ozarbayjon 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazadi

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilgacha $1 mlrdga yetkazish dasturini qabul qildi. Hujjat 23-avgust kuni prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning muzokaralari yakunlari bo‘yicha imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi qarorini imzoladi.

Davlat rahbarlari ishtirokida, shuningdek, quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • pensiya ta’minoti sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish dasturi;
  • investitsiyalar va savdo sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
  • 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
  • 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
  • kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
  • Urganch va Xankendi, Buxoro va Lochin, shuningdek, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi protokollar.

Muzokaralardan so‘ng OAV vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini sammitning asosiy natijasi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat ikki mamlakatning hamkorlikni chuqurlashtirish va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga intilishini aks ettiradi.

Muzokaralar davomida tomonlar iqtisodiy hamkorlik masalasiga alohida to‘xtaldi. Prezidentlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish imkoniyatlarini muhokama qilib, sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini belgiladi.

Tashrif oldidan energetika, geologiya, kimyo sanoati, qurilish, moliya, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi. Tomonlar ularni ilgari tashkil etilgan O‘zbekiston–Ozarbayjon Investitsiya jamg‘armasi imkoniyatlaridan foydalangan holda ilgari surishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, tomonlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Avgust oyida Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari hokimlari Ozarbayjonda bo‘ldi.

Muzokaralarning yana bir yo‘nalishi transport-tranzit sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Tomonlar Transkaspiy koridorini birgalikda rivojlantirish, logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish va yuk tashishlarni rag‘batlantirish masalalarini muhokama qildi.

Madaniy-gumanitar sohada Nizomiy Ganjaviy nomidagi Pedagogika universitetining yangi binosini ochish va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etishni boshlash rejalashtirilmoqda. Yil oxirigacha O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari hamda Ozarbayjonda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, mamlakatlar Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning adabiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma badiiy film yaratishni rejalashtirmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda steyblkoinlar bilan pilot loyiha ishga tushiriladi
/
O‘zbekistonda steyblkoinlar bilan pilot loyiha ishga tushiriladi
O‘zbekistonda to‘lovlarning 57%i naqdsiz amalga oshirilmoqda — Markaziy bank raisi
/
O‘zbekistonda to‘lovlarning 57%i naqdsiz amalga oshirilmoqda — Markaziy bank raisi
Raqamli so‘mdan venchur fondigacha: Timur Ishmetov Milliy fintex rivojlanish strategiyasi haqida
/
Raqamli so‘mdan venchur fondigacha: Timur Ishmetov Milliy fintex rivojlanish strategiyasi haqida