2026-yil 1-iyundan tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi
Yil boshidan esa muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda majburiy inspeksiya tekshiruvlari bekor qilinadi
Prezidentning “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni 2025-yil 17-dekabrda qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlarga bojxona bojlarini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, bojxona to‘lovlarini ta’minlashda xavflarni boshqarish tizimi natijalaridan kelib chiqib, kamaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etish amaliyoti joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan tovarlarni chegaradan o‘tish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarishda:
- bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi 20% ga kamaytiriladi;
- bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib yoki kechiktirib to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.
2026-yil 1-maydan davriy deklaratsiya asosida rasmiylashtirilayotgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini respublika hududiga kirib kelgan har bir partiya bo‘yicha alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, bojxona axborot tizimida xavf aniqlanmagan holatlarda:
- yirik soliq to‘lovchilar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50% dan yuqori bo‘lgan korxonalar import qilayotgan yuklar;
- tarif va notarif cheklovlar qo‘llanilmaydigan eksport yuklari
avtomatik tarzda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajaga ega bo‘lgan vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun bojxona va soliq to‘lovlarini qaytarish hamda o‘zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartiblar joriy etiladi. Shuningdek, qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida alohida ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni majburiy tarzda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan o‘tkazish bekor qilinadi. Shuningdek, asossiz ravishda sertifikatlash jarayoniga cheklov va taqiqlar joriy etish amaliyotiga barham beriladi.
Qayd etilishicha, mazkur o‘zgarishlar tashqi savdo jarayonlarida shaffoflikni oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bojxona tizimini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ