Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi 2026-yil iyun oyida boshlanadi

Davlat-xususiy sheriklik bitimi may o‘rtalarigacha imzolanib, yangi aeroport quvvati kamida ikki baravar yuqori bo‘ladi

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi 2026-yil iyun oyida boshlanadi

Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qurilishini iyun oyida boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta nashri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim yakuniy bosqichda va u may oyi o‘rtalarigacha imzolanishi kerak.

Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qurilishini iyun oyida boshlaymiz. Bu allaqachon aniq. Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha kelishuv may oyining o‘rtalarigacha imzolanishi lozim. Hozirda u yakuniy bosqichda turibdi. Imzolashimiz bilan hukumat tomonidan qisqa ko‘rib chiqiladi, rozilik olishimiz bilan qurilishni boshlaymiz. Prezident iyun oyidan ishlarni boshlash bo‘yicha aniq topshiriq bergan, — dedi u.

Vazir o‘rinbosari loyiha ishtirokchilari tayyor ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap yirik konsorsium haqida ketmoqda, xususiy investor bilan ham xususiy, ham davlat sherigi tomonidan qo‘yiladigan barcha shartlar bayon etilgan asosiy hujjatni imzolash kerak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat aeroportni yo‘lovchilar bilan ta’minlash bo‘yicha aniq majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi.

Prognozlar bor va ular juda yaxshi. Bizda yillik o‘sish 30% atrofida. Bu juda katta ko‘rsatkich. Buning uchun, albatta, infratuzilmani rivojlantirish juda muhim. Tushunib turibmizki, 2029-yilga borib hozirgi aeroportimiz o‘z salohiyatini to‘liq sarflab bo‘ladi. Shuning uchun biz samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha imkoniyatlari kamida ikki baravar ko‘p bo‘lgan yangi aeroportni ochishimiz kerak, — deb ta’kidladi u.

Toshkentning amaldagi aeroporti taqdiri haqidagi savolga vazir o‘rinbosari yangi aeroport ochilganda eskisini yopish rejalashtirilayotganini aytdi.

Aslida konseptual yechim bor, xususiy sherik bilan kelishilgan shartlar mavjud. Agar yangisini ochsak, eskisini yopishimiz kerak. Bu mantiqan to‘g‘ri. Uning o‘rnida aynan nima bo‘lishi esa hozircha noma’lum, — dedi Jasurbek Choriyev.

Eslatib o’tamiz, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, 1300 gektar maydonda quriladi. Shavkat Mirziyoyev 2025-yil oktabr oyida qurilishga start bergandi.

Yangi aeroport qurish qarori keyingi sakkiz yil ichida poytaxtga yo‘lovchi oqimi uch baravar ko‘payib, yiliga 9 mln kishiga yetishi, 2040-yilga borib esa bu ko‘rsatkich 24 mlndan oshishi uchun qabul qilingandi. Amaldagi aeroport 11 mln yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, u shahar ichida joylashgan.

Obyekt davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida barpo etiladi. Konsorsium tarkibiga quyidagilar kirdi:

  • Vision Invest (Saudiya Arabistoni) — 45%;
  • Sojitz Corporation (Yaponiya) — 30%;
  • Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) — 15%;
  • Uzbekistan Airports (O‘zbekiston) — 10%.

Loyiha to‘rt bosqichda ishlab chiqilgan. $2,5 mlrdga tushadigan birinchi bosqich aeroport terminali va aerodrom qurishni o‘z ichiga oladi.

Qurib bitkazilgach, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qila oladi, soatiga 30 tagacha uchish-qo‘nishni amalga oshiradi hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni qabul qila oladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Korxona nomi aks etgan peshlavhalar reklama sifatida baholanmasligi mumkin
/
Korxona nomi aks etgan peshlavhalar reklama sifatida baholanmasligi mumkin
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun oshdi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun oshdi
O‘zbekistonda ishga qabul qilish tartibi soddalashtirilib, mehnat shartnomalari raqamlashtiriladi
/
O‘zbekistonda ishga qabul qilish tartibi soddalashtirilib, mehnat shartnomalari raqamlashtiriladi