Ozarbayjonning eng yirik davlat banki ABB O‘zbekistondagi Davr Bank sotib olish jarayonlarini yakunladi
ABB Davr Bankning 51% aksiyasini $100 mln evaziga sotib olishni rejalashtirgandi
Фото: Davr Bank
Ozarbayjonning mamlakatdagi eng yirik davlat banki bo‘lgan Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) O‘zbekistondagi xususiy Davr Bank’ni xususiylashtirish jarayonini yakunladi. Bu haqda 23-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga namoyish etilgan qo‘shma loyihalar haqidagi videolavhada ma’lum qilindi.
Moliya sektorida Ozarbayjon Xalqaro banki Davr Bank’dagi ulushni sotib olishni yakunladi. Bu ikki mamlakatning bank sohasidagi hamkorligida yangi bosqichni ochadi, — deyiladi videolavhada.
Bir kun avval O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari O‘zbekistondagi Ozarbayjon investitsiya loyihalarini ochish va ularga tamal toshi qo‘yish marosimida onlayn ishtirok etdi. Ochilgan uchta loyihadan biri Davr Bank bo‘ldi.
Ilhom Aliyev OAV vakillari bilan uchrashuvda ham ikki mamlakatning bank sohasidagi hamkorligiga to‘xtalib, “Ozarbayjonning yetakchi banki O‘zbekiston bozoriga kirdi”, deya ta’kidladi.
22-avgust kuni Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlari IV forumida ABB’ning O‘zbekiston bank bozoriga kirishini e’lon qilgandi.
Bugun Ozarbayjon va butun Janubiy Kavkaz mintaqasidagi eng yirik bank — ABB bilan shartnoma imzolanadi. Bu bankning hamkorlik va Davr Bank’dagi ulushni sotib olish orqali O‘zbekiston bozoriga kirishini anglatadi, — degan Ozarbayjon vaziri.
Jabborov Shavkat Mirziyoyev, regulyator, Markaziy bank va O‘zbekiston hukumatiga investitsiyalar uchun qulay muhit yaratgani hamda loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Trend axborot agentligi vazir kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmaganini qayd etdi.
Bitim haqida nimalar ma’lum?
May oyida Ozarbayjonga tegishli davlat banki — Ozarbayjon Xalqaro banki yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistondagi Davr Bank’ni sotib olib, mamlakat bozorida faoliyat boshlashni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. ABB Davr Bank aksiyalarining 51%ini $100 mln evaziga sotib olishni mo‘ljallagan.
Iyun oyida Davr Bank aksiyadorlari ABB bilan bank aksiyalarining 51%ini ehtimoliy sotish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishni ma’qullagan.
Yuridik shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, xususiy aksiyadorlik tijorat banki Davr Bank 2001-yil sentabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan.
Bankning ta’sischilari bir nechta jismoniy shaxslardan iborat. Eng katta ulush — 46,9% — bank kuzatuv kengashi raisi Lutfullo Hayrulloyevich Ubayevga tegishli. Yana 13,5% aksiya Ubayevaning Mahfuza Abdumalikovna nomida bo‘lib, u ham bank ta’sischilari qatoriga kiradi.
Bank rahbari — Abdumajid Abduvahitovich Samadov.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ