Davr Bank aksiyadorlari bankning 51% ulushini Ozarbayjon davlat bankiga sotishni ma’qulladi
Tomonlar qo‘shimcha 23% aksiyani sotish imkonini beruvchi opsion bitimini ham muhokama qilmoqda
Фото: Davr Bank
“Davr Bank” aksiyadorlari bankning nazorat paketini Ozarbayjonning davlat banki — International Bank of Azerbaijan (ABB)ga sotish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni ma’qulladi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilingan ma’lumotlarda keltirilgan.
8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishida kun tartibidagi 13 ta masala ko‘rib chiqildi. Unda ishtirokchilar kredit tashkiloti ustav kapitalining 51% ini xorijiy investorga sotish bo‘yicha muzokaralarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Muzokaralar doirasida bitimning asosiy shartlari, shuningdek, zarur yuridik, moliyaviy va regulyator tekshiruvlarini o‘tkazish masalalari kelishib olinadi.
Bundan tashqari, tomonlar ABB’ga bank kapitalining yana 23% ini sotib olish imkonini beruvchi opsion mexanizmini ham ishlab chiqmoqda. Yig‘ilishda, shuningdek, ijro organi rahbari Abdumajid Samadovning mehnat shartnomasi yana 12 oyga uzaytirildi.
Bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha sof foydasi 667,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Aksiyadorlar qaroriga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 5%i zaxira fondiga yo‘naltiriladi, qolgan qismi esa taqsimlanmagan foyda sifatida saqlab qolinadi.
Shuningdek, bank kuzatuv kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi. Unga Lutfullo Ubayev, Mirkodir Mirzayatov, Ozoda Abdurahmonova, Shavkat G‘iyosov va Adham Alimov kiritildi.
Avvalroq ABB “Davr Bank”dagi ulushni sotib olish uchun $100 mlndan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Barcha huquqiy va tartibga solish jarayonlari yakunlangach, bank ABB Davr Bank nomi ostida faoliyat yuritishi kutilmoqda. Xorijiy investor yangi bozordagi operatsion faoliyatni joriy yilning ikkinchi yarmida boshlashni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, sotib olinayotgan bankning aktivlari qariyb $1 mlrdni tashkil etadi. Bank 43 ta filialga ega bo‘lib, 1,4 mln nafar mijozga xizmat ko‘rsatadi. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil bahori holatida bankning kredit portfeli 9,21 trln so‘m, depozit portfeli 4,58 trln so‘m, muammoli kreditlari hajmi esa 290 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ