O‘zbekistonda to‘lovlarning 57%i naqdsiz amalga oshirilmoqda — Markaziy bank raisi
Timur Ishmetov jahon fintex sanoati daromadi $500 mlrdga yaqinlashib, sektor 22% ga o‘sganini qayd etdi
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda o‘tayotgan Silk Road Finance and Technology Forumda O‘zbekistonda moliyaviy inklyuziya va raqamli to‘lovlar kengayib borayotgani, mintaqada esa fintech uchun hali katta investitsion salohiyat mavjudligini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistondagi barcha to‘lovlarning 57%i naqdsiz shaklda amalga oshirilmoqda va bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib bormoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotning yarmidan ko‘prog‘i kichik va o‘rta biznes hissasiga to‘g‘ri kelgani sababli, ushbu korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish Markaziy bankning asosiy vazifalaridan biri sifatida qayd etildi.
Ayollarning bank hisobvaraqlariga ega bo‘lish darajasi oshdi
Timur Ishmetov moliyaviy inklyuziya bo‘yicha ayollar orasidagi ko‘rsatkichlar ham sezilarli yaxshilanayotganini ta’kidladi.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, bank hisobvarag‘iga ega ayollar ulushi 39% dan 61% gacha oshgan. Markaziy bank raisi O‘zbekistonning yosh aholisi va mamlakatda raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi moliyaviy texnologiyalar bozori uchun katta imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.
U, shuningdek, Markaziy Osiyodagi fintech bozori o‘z salohiyatiga nisbatan hali yetarli darajada investitsiya jalb qilmayotganini aytdi.
2025-yilda mintaqadagi fintech loyihalariga yo‘naltirilgan venchur investitsiyalar hajmi qariyb $320 mlnni tashkil qilgan. Ishmetovning fikricha, aholining nisbatan yosh ekani, raqamlashtirish sur’atlarining oshishi va moliyaviy infratuzilmaning rivojlanishi Markaziy Osiyoda fintech uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Jahon fintech bozori $500 mlrdlik daromadga yaqinlashdi
Markaziy bank raisi global fintech sanoatidagi o‘sish sur’atlariga ham to‘xtaldi.
Uning aytishicha, o‘tgan yili jahon fintech sanoatining daromadi $500 mlrdga yaqinlashgan. Sektor 22% ga o‘sib, an’anaviy moliyaviy institutlar o‘sish sur’atidan qariyb to‘rt barobar yuqori natija qayd etgan.
Shuningdek, dunyodagi eng yirik fintech kompaniyalarining 75%i foyda ko‘ra boshlagan.
Bizning maqsadimiz texnologik qamrov va tranzaksiyalar hajmining o‘sishini barqaror iqtisodiy qiymat, raqobat va moliya sektorining umumiy rivojlanishiga aylantirishdir, — dedi Markaziy bank raisi.
Ishmetovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda fintech ekotizimini rivojlantirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi moliyaviy aloqalarni ham kuchaytirish zarur.
Markaziy Osiyo uchun yagona moliyaviy infratuzilma taklif qilindi
Markaziy bank raisining fikricha, mintaqa davlatlari o‘rtasida to‘lov va boshqa moliyaviy xizmatlarning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish muhim.
O‘zbekiston bu yo‘nalishda milliy QR standarti — “Uz QR”, ochiq bank API’lari va zamonaviy to‘lov standartlarini rivojlantirmoqda. Bunday infratuzilma turli mamlakatlardagi moliyaviy tizimlarning o‘zaro ishlashini yengillashtirishi, bozordagi raqobatni kuchaytirishi va mijozlar uchun xizmatlar tanlovini kengaytirishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Markaziy bank sun’iy intellekt asosidagi o‘z kredit skoring modelini ham ishlab chiqmoqda.
5 ming nafar yosh fintech sohasida tayyorlanadi
Forumda 2030-yilgacha fintech yo‘nalishida 5 ming nafar yoshni tayyorlash dasturi haqida ham ma’lumot berildi.
Timur Ishmetovning aytishicha, joriy yil yakuniga qadar dastlabki guruh o‘qishni boshlaydi. Ta’lim dasturi Singapur universitetlari va “Global Fintech Network” tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda nazariy bilimlar bilan birga amaliy fintech ko‘nikmalarini shakllantirishga ham e’tibor qaratiladi.
Markaziy bank raisi O‘zbekiston aholisi 38 mln nafardan oshgani, uning qariyb 60% ini yoshlar tashkil etishini qayd etdi. Uning fikricha, bu mamlakatning fintech va raqamli iqtisodiyotdagi rivojlanishi uchun muhim demografik ustunlikdir.
Biz hamkorlarimizni Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi bozorlarni birlashtira oladigan infratuzilma va standartlarni birgalikda yaratishga taklif qilamiz. Mahsulotlarni shu yerda yarating, yangi yechimlarni shu yerda sinang, shu yerga investitsiya qiling va shu yerda iste’dodlarni rivojlantiring, — dedi Markaziy bank raisi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ