Qashqadaryoda qayta ishlangan meva-sabzavot eksporti $40 mlnga yetkaziladi
Mahsulotlar Rossiya, Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hududda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi korxona xomashyodan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot tayyorlab, uni tashqi bozorlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.
AQSHning Wosune International Inc kompaniyasi sarmoyasi hisobidan barpo etilgan korxonaning qiymati $8,5 mln. Bu yerda 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Bu yerda sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, olma, ko‘k piyoz, ismaloq va turli ko‘katlar konveksion uskunalarda quritiladi. Ushbu texnologiya mahsulotning tabiiy ta’mi va ozuqaviy xususiyatlarini saqlashga xizmat qiladi. Ishlab chiqarish jarayonining 30 foizi robotlashtirilgan.
Tayyor ingrediyentlar tez tayyorlanadigan taomlar, ziravorlar, konservalar va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yetkazib beriladi. Mahsulotlar Rossiya, Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Yillik eksport hajmini $40 mlnga yetkazish rejalashtirilgan.
Xomashyo ta’minotini kengaytirish maqsadida viloyatdagi dehqon xo‘jaliklari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat rahbari korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ