Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzurida uchta yangi tashkilot tuziladi

Shuningdek, vazirga markaziy apparatga xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga olish vakolati berildi

Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzurida uchta yangi tashkilot tuziladi

O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, vazirlik ta’lim, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

Hujjat bilan vazirlikda autsorsing asosida Call-markaz va qayta aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Call-markaz orqali aholining murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlari qabul qilinib, tezkor ko‘rib chiqiladi hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltiriladi.

Qayta aloqa tizimi esa aholi hamda ta’lim va ilm-fan tizimi xodimlari bilan muntazam muloqotni ta’minlash, ta’lim xizmatlari sifati, ommabopligi va mavjud muammolar haqida tezkor ma’lumot olish hamda ularni tahlil qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ta’lim va ilm-fan vaziri huzurida ta’lim oluvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilar vakillaridan iborat Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.

Vazirlik hay’ati 15 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi. Unga hay’at raisi sifatida vazir, shuningdek, uning o‘rinbosarlari, vazirlik huzuridagi agentliklar direktorlari, yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari, olimlar va pedagoglar kiradi.

Qarorga muvofiq, vazirga istisno tariqasida 2027-yil 1-fevralga qadar vazirlikning markaziy apparatiga xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati berildi.

Bundan tashqari, Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.

Vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi, Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’limni rivojlantirish markazi faoliyati tugatiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qashqadaryoda sanoat klasterlari infratuzilmasiga 250 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
/
Qashqadaryoda sanoat klasterlari infratuzilmasiga 250 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
“Uzbekistan GTL” zavodida umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha amalga oshiriladi
/
“Uzbekistan GTL” zavodida umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha amalga oshiriladi
“Xalq Sug‘urta” ning 100% aksiyasi Davaktivga o‘tkazildi
/
“Xalq Sug‘urta” ning 100% aksiyasi Davaktivga o‘tkazildi