“Xalq Sug‘urta” ning 100% aksiyasi Davaktivga o‘tkazildi
Kompaniya 2026–2027-yillarda xususiylashtirish dasturi doirasida ommaviy savdolarga chiqarilishi rejalashtirilgan
Xalq bankining sho‘ba korxonasi bo‘lgan “Xalq Sug‘urta” AJning 100% aksiyalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (Davaktiv) o‘tkazildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Xalq banki kuzatuv kengashi aksiyalarni o‘tkazish bo‘yicha qarorni 21-sentabr kuni qabul qilgan. Aksiyalarga egalik huquqi esa 16-oktabrda o‘zgargan.
Davaktivga nominal qiymati 1 000 so‘mdan bo‘lgan 80 mln dona aksiya berilgan. Ularning umumiy nominal qiymati 80 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bu kompaniya ustav kapitalining 100 foiziga teng.
Biroq 80 mlrd so‘m aksiyalarning nominal qiymati bo‘lib, kompaniyaning sotuv narxini anglatmaydi. Xususiylashtirish jarayonida “Xalq Sug‘urta” ning yakuniy bahosi hozircha ma’lum qilinmagan.
Kompaniya 2026–2027-yillarda xususiylashtiriladi
“Xalq Sug‘urta” 2026-yil 28-avgustdagi PF–177-sonli prezident farmoni bilan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturiga kiritilgan. Unga muvofiq, kompaniyaning davlat ulushini 2026–2027-yillarda ommaviy savdolarga chiqarish rejalashtirilgan.
Aksiyalarning Davaktivga o‘tkazilishi kompaniyani xususiylashtirishga tayyorlash jarayonining bir qismi hisoblanadi. Agentlik davlat ulushini boshqarish va uni belgilangan tartibda sotuvga chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Hozircha aksiyalar savdoga qachon chiqarilishi, boshlang‘ich narxi va ehtimoliy xaridorlar haqida ma’lumot berilmagan. Shu sababli davlat xususiylashtirishdan qancha mablag‘ olishi ham noma’lum.
“Xalq Sug‘urta” ning sof foydasi 15,42 mlrd so‘mni tashkil etdi
“Xalq Sug‘urta” ning 2026-yil 1-iyul holatiga jami aktivlari 278,54 mlrd so‘mni tashkil etgan. Kompaniyaning ustav kapitali esa 80 mlrd so‘mga teng.
Sug‘urta kompaniyasi 2026-yilning birinchi yarmida 30,12 mlrd so‘m daromad va 15,42 mlrd so‘m sof foyda olgan.
2011-yil may oyida tashkil etilgan “Xalq Sug‘urta” hayotni sug‘urta qilishdan tashqari boshqa sug‘urta xizmatlarini ham ko‘rsatadi.
Kompaniyaning Xalq banki tasarrufidan chiqarilishi bankning korporativ tuzilmasiga ham ta’sir qiladi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, u hozir “Xalq Lizing”, “Xalq Faktoring”, “Xalq mikromoliya tashkiloti” va “Perfect Capital Investment” kompaniyalarining 100% ulushiga, shuningdek, “United Ventures” ning 14% ulushiga egalik qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ